Abbosbek Fayzullayevning “Bashakshehir”dagi debyuti nima sababdan cho‘zilayotgani aniq bo‘ldi

Turkiyaning “Istanbul Bashakshehir” klubi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, o‘zbekistonlik yarim himoyachi Abbosbek Fayzullayevning transferi bo‘yicha to‘lovni amalga oshirish jarayonida ayrim texnik kechikishlar kuzatilgan.
Fayzullayevning hali ham “Bashakshehir” tarkibida rasmiy o‘yinlarda ishtirok eta olmayotgani borasidagi “Asosiy sabab nima?” degan savolga klub vakillari quyidagicha javob bergan:
Pul bilan bog‘liq muammo mavjud emas, biroq mablag‘ni o‘tkazish jarayonida ayrim texnik qiyinchiliklar ro‘y bermoqda.
Eslatib o‘tamiz, “Bashakshehir” joriy yilning iyul oyida Abbosbek Fayzullayev bilan besh yillik shartnoma imzolagan edi. OAV bergan xabarlarga ko‘ra, ushbu transferning qiymati 7,5 million yevroga baholangan.
Ma’lumot uchun, Fayzullayev 2023-yil avgustida Toshkentning “Paxtakor” klubidan Moskvaning “SSKA” jamoasiga 500 ming yevro evaziga o‘tgandi. Rossiya klubi safida u jami 72 uchrashuvda maydonga tushib, 8 ta gol va 22 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan.