“Barselona” Niko Uilyams transferini iyul boshida rasman e’lon qilishi mumkin

Kataloniyaning “Barselona” klubi “Atletik” (Bilbao) jamoasida to‘p surayotgan hujumchi Niko Uilyamsni 2-iyul kuni rasman tanishtirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda "Mundo Deportivo" nashri jurnalisti Ferran Martines o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali ma’lum qilgan.
“Barselona” mazkur transferni moliyaviy jihatdan kelasi mavsumga – ya’ni 2025/26-yil byudjetiga qo‘shishni maqsad qilgan. Shu sababli, klub Uilyams transferini iyul oyining ilk kunlariga qoldirishni ko‘zlamoqda.
TelecomTV xizmatiga 7 kunlik bepul kirish imkoniyatiga ega bo‘ling.
Quyidagi tugmani bosing va hoziroq boshlang!
Avvalroq “Barselona” sport direktori Deku futbolchining vakillari bilan uchrashganiga oid xabarlar tarqalgan edi. Uilyamsning agenti o‘sha safar Kataloniyaga shunchaki tanishlari bilan uchrashish uchun borganini bildirgan bo‘lsa-da, Ispaniya OAV vakillari bu uchrashuv aslida Deku bilan olib borilgan muzokaralarga bog‘liq bo‘lganini taxmin qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 22 yoshli Niko Uilyams o‘tgan mavsumda “Atletik” safida 45 o‘yinda ishtirok etib, 11 ta gol va 7 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan. Futbolchining amaldagi shartnomasi 2027-yil yoziga qadar mo‘ljallangan bo‘lib, Transfermarkt portali uning bozor qiymatini 70 million yevroga baholamoqda.