Brunu Fernandesh “Al-Hilol”ning katta taklifini rad etdi

“Manchester Yunayted” sardori Brunu Fernandesh uni Saudiya Arabistoniga og‘dirib olishga bo‘lgan urinishlarga aniq javob qaytardi.
Nufuzli insayder Fabritsio Romanoning ma’lum qilishicha, portugaliyalik “Al-Hilol”ning moliyaviy shartlari o‘ta qulay bo‘lishiga qaramay, uning taklifini rad etgan.
Saudiya Pro ligasi klubi Fernandeshga hech kimni befarq qoldirmaydigan shartnoma taklif qildi. Biroq, yarimhimoyachi yakuniy tanlovni amalga oshirdi — u faoliyatini Yevropa futbolida davom ettirmoqchi va yaqin yozda “Manchester Yunayted”ni tark etish niyatida emas.
2024/2025-yilgi mavsumda Brunu 57 ta o‘yinda maydonga tushib, 19 ta gol urdi va 20 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Uning "Yunayted" bilan shartnomasi 2027-yilning yozigacha amal qiladi va transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, uning bozor narxi 50 mln yevroni tashkil qiladi.