“Chelsi” Klublar o‘rtasidagi JCHda qancha mukofot puli ishlab olgani oshkor etildi

Angliyaning “Chelsi” jamoasi 2025-yilgi Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatining finalida Fransiyaning “Pari Sen-Jermen” klubini 3:0 hisobida yengib, musobaqaning chempioniga aylandi. Jurnalist Ben Jeykobs bergan ma’lumotga ko‘ra, “ko‘klar” turnirdagi ishtiroki uchun jami 120 million dollar (taxminan 103 million yevro) miqdorida mukofot puli ishlab topdi.
Turnir davomida klub har bir bosqichda alohida rag‘batlantirildi. Guruh bosqichidagi har bir g‘alaba uchun “Chelsi” 2 million dollar mukofot oldi. Shuningdek, 1/8 finaldagi zafar evaziga 7,5 mln yevro, chorak finalda — 12,5 mln yevro, yarim final uchun — 21 mln yevro, finaldagi g‘alaba uchun esa 40 mln yevro bonus bilan taqdirlandi.
TelecomTV xizmatiga 7 kunlik bepul kirish imkoniyatiga ega bo‘ling.
Quyidagi tugmani bosing va hoziroq boshlang!
London jamoasi guruh bosqichida “Flamengo”ga mag‘lub bo‘lgan bo‘lsada, “Esperans” va “Los-Anjeles” klublarini ortda qoldirib, pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Keyingi bosqichlarda esa “Fluminense” (2:0), “Palmeyras” (2:1) va “Benfika” (4:1) ustidan g‘alaba qozondi. Finalda esa “PSJ” darvozasiga Koul Palmerning dubli hamda Joao Pedroning goli kiritildi.
Shaxsiy mukofotlarga to‘xtalsak, Koul Palmer turnirning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. “Chelsi” darvozaboni Robert Sanches eng yaxshi posbon sovrinini olgan bo‘lsa, “PSJ” safidagi Dezire Due eng yosh futbolchi sifatida taqdirlandi.