Edgar Raytning “Yugurib ketayotgan odam” filmining yakuniy treyleri taqdim etildi
Paramount Pictures Edgar Rayt rejissorligidagi yangi “Yugurib ketayotgan odam” (The Running Man) antiutopik trillerining yakuniy treylerini e’lon qildi. Film 14-noyabr kuni xorij kinoteatrlarida namoyishga chiqadi. Rejissor ilgari “Skott Piligrim hammaga qarshi” kartinasi bilan tanilgan bo‘lib, bu safar u yanada keskin syujetli hikoya yaratgan.
Asar yozuvchi Stiven Kingning shu nomdagi romani asosida suratga olingan. Bosh rolni “Quyun-2” yulduzi Glen Pauell ijro etadi. Film voqealari yaqin kelajakda kechadi: bosh qahramon Ben og‘ir kasal qizining hayotini saqlab qolish uchun xavfli “omon qolish o‘yini”da ishtirok etishga qaror qiladi.
Ammo bu o‘yin aslida halokatli ta’qibga aylanadi — Benning ortidan professional qotillar jamoasi quvlay boshlaydi, barcha jarayon esa ommaga realiti-shou sifatida namoyish etiladi. Triller tomoshabinni o‘z hayoti evaziga erkinlik uchun kurashayotgan insonning dramatik taqdiriga guvoh qiladi.
Filmda, shuningdek, Josh Brolin, Maykl Sera, Kolman Domingo, Li Peys va Emiliya Jons kabi mashhur aktyorlar ishtirok etgan. Eslatib o‘tamiz, bu hikoyaning birinchi kino talqini 1987-yilda Arnold Shvartsenegger ishtirokida suratga olingandi.