Feruza Normatova turmush qurishga tayyorlanmoqda

Mashhur aktrisa Feruza Normatova quvonchli xabar bilan bo‘lishdi: u turmushga chiqish taklifini oldi. Bu haqda u Instagram’dagi izdoshlariga ma’lum qildi.
Aktrisa o‘z sahifasida unashtirilganini anglatuvchi uzuk taqqan suratlarini joyladi. Rasmlar ostiga ta’sirli so‘zlarni bitdi: “Alhamdulillah, rozilik berdim. Alloh rizoligi uchun bir-birimizni tanladik. U menga aytgan bu so‘zlar qalbim va xotiramda mangu saqlanadi”.
So‘ngra Feruza tanlaganining so‘zlarini keltirdi: “Bu uzukni hozir barmog‘ingga taqyapman va sen uni faqat men olamdan o‘tganimdagina yechasan. Shu paytgacha hech kimga uzuk taqmagan ekanman, taqdirimga sen bitilgan ekansen. Allohning bunday taqdiriga shukr qilaman. Sen menikisan. Seni baxtli qilishga va’da beraman”.
Feruzaning muxlislari uni samimiy tabriklab, oilaviy hayotida baxt-saodat tilamoqda. Kuyovning shaxsi hozircha sir saqlanmoqda, bu esa jamoatchilik qiziqishini yanada oshirmoqda.