“Juda g‘alati ishlar” asosidagi multfilm tizeri taqdim etildi
Netflix mashhur “Juda g‘alati ishlar” (Stranger Things) seriali asosida yaratilgan animatsion spin-offning birinchi tizerini e’lon qildi.
Rolikda shou ijodkorlari — aka-uka Mett va Ross Daffer yangi animatsion loyihaning yaratilish jarayoni haqida so‘zlab berishadi. Ularning aytishicha, multfilm g‘oyasi 1980-yillar boshida televideniye orqali namoyish etilgan klassik animatsiyalar va o‘sha davr estetikasi ta’sirida paydo bo‘lgan.
Tizerda intervyu lavhalari bilan bir qatorda bo‘lajak serialdan qisqa sahnalar ham namoyish etilgan. Loyiha o‘zida sirli voqealar, nostaljik kayfiyat va “Stranger Things” olamiga xos g‘ayrioddiy muhitni birlashtirgan.
Yangi animatsion serialning premyerasi 2026-yilda Netflix platformasida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Taqdim etilgan tizer muxlislar orasida katta qiziqish uyg‘otib, serial olamining yangi bosqichi haqida turli taxminlarni paydo qildi.