Taom

Mahsulotlarni sovutgichda qanday saqlash kerak: yangi va buzilmagan holatda saqlash bo‘yicha qo‘llanma

Muallif: Masha Mashkova
Mahsulotlarni sovutgichda qanday saqlash kerak: yangi va buzilmagan holatda saqlash bo‘yicha qo‘llanma

Bir haftalik menyuni oldindan rejalashtirish juda qulay va yoqimli, yangi mahsulotlarni xarid qilish esa undan ham zavqliroq. Ammo yomon bo‘lib qolgan ovqatni tashlash, achinarli hol. Ayniqsa, bu texnologik nozikliklarni yoki saqlash sharoitlarini bilmaslik sababli yuz bergan bo‘lsa. Bu xatoni tuzatish va sovutgichda mahsulotlarni to‘g‘ri saqlashni o‘rganishni taklif qilamiz — bir marta tartibga keltiring va muammo butunlay yo‘q bo‘ladi!

Sovutgichda mahsulotlarni qanday saqlash kerak?

  • Yodingizda bo‘lsin: sovutgich uchun optimal harorat +4°C, muzlatgich kamerasi uchun esa -18°C hisoblanadi.
  • Do‘kondan kelgan zahoti mahsulotlarni sovutgichga joylashtirishga harakat qiling.
  • Xom mahsulotlar bilan tayyor ovqatlarni alohida javonlarda saqlang. Masalan, xom tovuq filesini tayyor kotletlar yoniga qo‘ymang! Aks holda, ularning saqlanish muddati qisqaradi.
  • Tayyor ovqatni, masalan, palovni, kichik porsiyalarga bo‘lib, konteynerlarga solgan ma’qul.
  • Tayyor ovqat qolgan bo‘lsa, uni 4 kundan ortiq saqlamang. Agar tashlamoqchi bo‘lmasangiz, uni muzlatib qo‘ying — bunday holatda saqlanish muddati 3 oygacha uzayadi.
  • Agar sovutgichda nimadir to‘kilib qolsa, darhol artib tozalang. Hatto bir tomchi sut ham bakteriyalar manbai bo‘lib, boshqa mahsulotlarning aynishiga olib kelishi mumkin.
  • Sovutgichni har oyda bir marta sovun yoki maxsus vosita bilan tozalang, ammo barcha tozalovchi vositalarni yuzadan yaxshilab yuvib, artib oling.

Mahsulotlarni sovutgich javonlariga qanday taqsimlash kerak?

Eshik qismida harorat boshqa joylarga qaraganda balandroq bo‘ladi. Bu yerda harorat o‘zgarishlaridan qo‘rqmaydigan mahsulotlarni saqlang:

  • Ichimliklar: sharbatlar, gazli ichimliklar, spirtli ichimliklar
  • Souslar: soya sousi, xantal, mayonez
  • Murabbo va jemlar
  • Konservalar va tuzlamalar
  • Tuxum

Yuqori javon — tez yeyiladigan mahsulotlar uchun:

  • Tayyor ovqatlar
  • Desertlar, yogurtlar, jele
  • Kolbasa va dudlangan mahsulotlar
  • Ochilgan konservalar
  • Yumshoq pishloqlar
  • Pashtet va surtmalar

Pastki javon — eng sovuq joy, shuning uchun tez ayniydigan mahsulotlarni shu yerga joylashtiring:

  • Xom baliq va go‘sht
  • Sut mahsulotlari
  • Eritish uchun chiqarilgan mahsulotlar

Pastki tortmalar — meva va sabzavotlar uchun mo‘ljallangan. Ammo ularni alohida saqlang: kivi bilan sabzi, ko‘kat bilan sitruslarni aralashtirmang.

Qanday mahsulotlarni sovutgichda saqlamaslik kerak?

Quyidagi “baxtli” mahsulotlar sovutgichda saqlanishga muhtoj emas:

avokado, banan, pomidor, kartoshka, piyoz, sarimsoq, bodring, qovoq, baqlajon, non, asal, zaytun yog‘i, shokolad.