Obri Plaza birinchi bor erining vafoti haqida gapirdi

Obri Plaza 2025-yil boshida hayotdan ko‘z yumgan turmush o‘rtog‘i, rejissyor va ssenariychi Jeff Baenaning fojiali o‘limi haqida ilk bor fikr bildirdi.
Aktrisa, xususan, o‘zining ruhiy holatini Skott Derriksonning “Jar” filmi bilan qiyosladi. Syujetga ko‘ra, bosh qahramonlarni vahimali maxluqlar to‘lib-toshgan jar ajratib turadi.
“Filmni ko‘rayotganimda, qayg‘u aynan shunday ko‘rinishga ega deb o‘yladim. Xuddi butun boshli dahshat dengizi toshib kelayotgandek. Ba’zida bu dengizga sakrab tushgim, unga sho‘ng‘igim keladi. Ba’zan esa bu dengizga qaramasdan, undan qochishga intilaman. Afsuski, u doim yonimda”, — deya ta’kidladi Plaza.
Shuningdek, u asta-sekin qayg‘u hissini yengib borayotganini, hozirda o‘zini ancha yaxshi his qilayotganini ham aytib o‘tdi.