Oson boylik la’nati: bu odamlar millionlar yutishdi, lekin ularni hammasidan, hattoki undan ham ko‘prog‘idan ayrilishdi

Boshlanishi ertakdek, yutuq lotereyada omad kulib boqishi bilan boshlangan, ammo yakuni falokat bilan tugagan boylik haqidagi haqiqiy hikoyalar. Bu hikoyalar bir lahzada boyishni orzu qilayotgan har bir kishi uchun saboq bo‘la oladi.
1-hikoya: Vasvasalarga berilish
2004-yilda kanadalik Sheron Tirabassi Lotto Super 7 lotereyasida 10,5 million dollar yutib oldi. Mehribonlik uyida katta bo‘lgan va nafaqaga yashagan qiz uchun bu — taqdirning tuhfasiga aylandi. Avvaliga u pulni to‘g‘ri yo‘lga sarflashni rejalashtirdi: o‘ziga va ijaraga berish uchun bir nechta uy xarid qildi. Ammo keyinchalik vasvasa ustun keldi.
Sheron va eri Hummer’dan Cadillac’gacha 4 ta mashina sotib olishdi, eng hashamatli kurortlarga uzoq muddatli sayohatga jo‘nashdi va Las-Vegasda quvnoq vaqt o‘tkazishdi. Lotereya g‘olibasi qarindoshlari va do‘stlariga yordam ham ko‘rsatdi. Oradan yarim yil o‘tib, Tirabassi uylarsiz qoldi, eri qamoqqa tushdi, Sheron esa ijara “kulbasi”ga ko‘chib o‘tdi va haqiqiy ish topishga majbur bo‘ldi. Yaxshiyamki, u bolalar haqida oldindan o‘ylagan edi: ular uchun bankda jamg‘arma hisob raqamlari ochgan, lekin ularda juda oz miqdorda pul bo‘lgan.
2-hikoya: Boylar ham yig‘laydi
Amerikalik qurilish kompaniyasi egasi Jek Uittaker Powerball’da 314,9 million dollar yutib oldi. Bu pul Powerball tarixidagi eng katta yutuq edi. Soliqlarni to‘lagach, Jek oylik to‘lovlardan bosh tortdi (Powerball shartlariga ko‘ra pulni bo‘lib-bo‘lib olish mumkin edi) va to‘lov miqdorini kamaytirishga rozi bo‘ldi. Shu tarzda u bir yo‘la 113 million dollar oldi. Ammo shundan keyin hayotida qora kunlar boshlandi.
Uittakerning qulflanmagan mashinasidan ikki marta yuz minglab dollar o‘g‘irlashdi. Nega bunchalik ko‘p naqd pul olib yurgani so‘ralganda, u shunchaki “Chunki imkonim bor edi” deb javob berdi. Keyinchalik u kazino o‘yinlarida bor boyligini yo‘qotdi, firmasi yopildi, uyiga yong‘in tushdi va lotereya yutug‘idan deyarli hech narsa qolmadi. Bundan tashqari, shaxsiy fojealar ham bo‘ldi: qizi va nabirasi giyohvand modda dozasi tufayli vafot etishdi.
3-hikoya: Jinoyat yo‘li
Jorjiya shtatidan bo‘lgan 45 yoshli Ronni Myuzik Georgia Lottery lotereyasida 3 million dollar yutdi. Ammo u bu pulni eng yomon yo‘lga sarflashni tanladi. Oldin ham qonun bilan muammolari bo‘lgan Myuzik jinoyatga moyilligini mustahkamlashga qaror qildi.
U pulning bir qismini uy, mashina va brend kiyimlarga sarfladi, qolganini esa giyohvand moddalar savdosiga yo‘naltirdi. Oradan ko‘p o‘tmay, uning savdogarlari yarim millionlik metamfetamin bilan qo‘lga tushdi va darhol o‘z homiylarini fosh qilishdi. 2016-yilda Ronni Myuzik 21 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Endi, ehtimol, u qilgan ishlarini o‘ylab ko‘rish va tuzalish imkoniga ega.
4-hikoya: Ochko‘zlik va ajralish haqida
Bu voqeada lotereya va oiladagi murakkab munosabatlar birlashgan. Kaliforniyalik ayol Deniz Rossi California Lottery’da 1,3 million dollar yutdi va darhol makkorona reja tuzdi. U hech kimga yutug‘i haqida aytmadi va eridan — Tomasdan — ajrashish uchun ariza berdi. Bu qarordan hayratda qolgan erkak rafiqasining istagini qabul qildi. Oradan ikki yil o‘tib, u chindan ham aldangani haqida bildi va sudga murojaat qildi.
Sud Tomasning da’vosini qanoatlantirdi: u sobiq xotinining butun yutug‘ini qo‘lga kiritdi. Agar Deniz o‘z vaqtida yutug‘i haqida aytganida, pulning faqat yarmidan ajralgan bo‘lardi. Ma’lumotni yashirish firibgarlik deb baholandi va ochko‘z ayol hech narsasiz qoldi. Bu esa juda saboqli voqea!
5-hikoya: Fojiali yakun
2022-yil kuzida Braziliyada yo‘l chetida 55 yoshli Lukash Alves Diash topildi. U kaltaklangan edi va olgan jarohatlari tufayli kasalxonada vafot etdi. Gumonlanuvchilar hibsga olindi, tergov chog‘ida esa aniqlanishicha, Diash lotereya yutug‘i tufayli o‘g‘irlab ketilgan. U Mega-Sena — mamlakatdagi eng mashhur lotereyada 9 million dollar yutgan edi.
Jinoyatchilar undan uzoq vaqt davomida 600 ming dollar talab qilishgan. U oxiri taslim bo‘ldi, bankka qo‘ng‘iroq qilib pul olishga harakat qildi, lekin unga rad etishdi. Shundan so‘ng jinoyatchilar uni o‘ldirishdi. U, afsuski, Braziliyada lotereyada yutib, o‘ldirilganlar ro‘yxatiga qo‘shildi.