“Oushenning o‘n to‘rt do‘sti” filmi kelasi yilda suratga olina boshlaydi

Aktyor Jorj Kluni “Oushen do‘stlari” franshizasining yangi qismi qachon suratga olinishi boshlanishini ma’lum qildi.
“Warner Bros. hozirgina bizning byudjetimizni tasdiqladi, hozir biz hamma narsani kelishtirib, jadval tuzishga harakat qilmoqdamiz; endi faqat suratga olish boshlanish sanasini belgilashimiz kerak. Ehtimol, suratga olish taxminan to‘qqiz yoki o‘n oydan keyin boshlanadi”, — deya Kluni E! News bilan suhbatda ma’lum qildi.
Film syujetining tafsilotlari hali noma’lum. Kluni, shuningdek, Bred Pitt, Mett Deymon, Juliya Roberts va Don Chidlning filmdagi rollariga qaytishiga ishora qildi. Rejissorlik lavozimini Devid Litch (“O‘qdan tez”, “Kaskadyorlar”) egallaydi.
Stiven Soderbergning “Oushen” trilogiyasi 2001-yilda boshlangandi. Syujet kazinolarni o‘marayotgan bir guruh jinoyatchilar haqida hikoya qilardi. Barcha filmlar jahon prokat bozorida jami 1,1 milliard dollar daromad keltirgan. Shuningdek, Sandra Bullok ishtirokidagi "Oushenning 8 dugonasi" (2018) spin-offi ham mashhur bo‘lgan.