Salomatlik

Ovqatlanish xulq-atvori va 2025-yilning boshqa nutritsiologiya trendalari: ular bilan siz dieta va kaloriya hisoblashni unutasiz

Muallif: Masha Mashkova
Ovqatlanish xulq-atvori va 2025-yilning boshqa nutritsiologiya trendalari: ular bilan siz dieta va kaloriya hisoblashni unutasiz

Oqsilga yangi qarash, tuzlangan karam va boshqa fermentlangan mahsulotlarning ommalashuvi, ovqatlanish xulq-atvoriga e’tibor va sayyoramizga g‘amxo‘rlik — 2025-yil nutritsiologiyasining asosiy yo‘nalishlari aynan mana shulardan iborat. Har biri haqida alohida gapiramiz, chunki ular ongli yondashuv va holdan toydiruvchi dietalardan voz kechishni anglatadi.

Ovqatlanish xulq-atvori — asos sifatida

2025-yilda tobora ko‘proq nutritsiologlar odamlarni ko‘proq oqsil yeyishga yoki har bir kaloriya miqdorini kalkulyatorda hisoblashga undamayapti. Endilikda odamlar ovqatlanishda dieta tarafdori bo‘lgan qo‘llanmalarga emas, balki o‘z odatlari, fikrlari, stress darajasi va ish jadvaliga tayanadilar. Bu esa ovqatlanish xulq-atvori deyiladi. O‘zimizga tez-tez quyidagi savollarni berishimiz kerak: men qanchalik tez-tez ovqatlanaman? Nega kompyuter qarshisida yoki jimjitlikda? Nega kechqurun o‘zimni tutolmayapman? Bunga uyqu rejimi va tashvish darajasi qanday ta’sir qilmoqda?

Mutaxassislar fikricha, bunga kun davomida bosilgan hissiyotlar sabab bo‘ladi. Masalan, kun bo‘yi o‘zini qattiq nazorat qilgan odam kechqurun tort yoki chipsga “ilinib” qoladi. Bunday vaziyatda zararli ovqat — stressni yengillashtirishning yagona ruxsat etilgan usuliga aylanadi.

Ovqatlanish psixologiyasi

Terapiya sizga o‘zingizdagi “men o‘zimni tutolmadim — demak, zaifman” kabi salbiy fikr va o‘rnatilgan cheklovlarni anglashga yordam beradi. So‘ngra triggerlar — hissiyotlar, voqealar aniqlanadi. Keyingi bosqich: siz o‘zingizga hech qanday mahsulotni taqiqlamaysiz, ularni yaxshi yoki yomon deb ajratmaysiz. Buning o‘rniga o‘z reaksiyalaringizni kuzatib borasiz va ongli ovqatlanishga intilasiz. Shu orqali siz stressni ovqat bilan bostirish holatlarini tushunib, tanangizga aslida nima kerakligini eshita olasiz.

Shaxsiylashtirilgan ratsionlar

Bu ratsionlar aynan siz uchun, dietolog tomonidan tuziladi. Bunda hamma narsa hisobga olinadi: asab tizimi turi, yashash joyingiz, uyg‘onish vaqtingiz, jismoniy faolligingiz darajasi, uyqu davomiyligi. “1 kg tana vazniga qancha oqsil kerak” degan jadvallar emas, aynan shu omillar modda almashinuvingizga ta’sir qiladi.

Oqsil hazm bo‘lishi va PP shirinliklaridan voz kechish

Endilikda nutritsiologlar porsiya hajmidan ko‘ra oqsil manbai va uni qanday mahsulotlar bilan iste’mol qilinayotganiga ko‘proq e’tibor qaratmoqda. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki: hayvon oqsili o‘simlik oqsili, tolalar va prebiotiklar bilan ideal tarzda uyg‘unlashadi.

Ozishga harakat qiluvchilarning sevimli shirinligi — proteinli batonchik esa endi shubhali mahsulot deb hisoblanmoqda. Chunki uning asosiy qismini shakar spirti, sun’iy shirinlashtiruvchilar tashkil etadi, oqsil esa juda kam miqdorda bo‘ladi. Shuning uchun uning foydasi haqida gapirishga hech hojat yo‘q.

Tuzlangan karam — tanaga va... miyaga eng yaxshi investitsiya

Fermentlangan mahsulotlarga bo‘lgan qiziqish ortib bormoqda. Yunon yogurtlari, tuzlangan karam, miso pastasi va boshqalar endilikda oddiy “superfood” emas — ular tana va, kutilmaganda, miya uchun ham muhim hisoblanadi.

Tadqiqotlarga ko‘ra, ular tashvish darajasi, uyqu sifati va tiklanish jarayoniga ta’sir qiladi. Hatto antibiotiklar kursidan keyingi reabilitatsiya vaqtida yoki ovqatlanish buzilishlarini davolash jarayonida ratsionga kiritiladi.

Taqiqlar va qattiq dietalarga “yo‘q” deymiz

2025-yil nutritsiologiyasining yana bir muhim trendi — mahsulotlarni “demonizatsiya” qilishdan voz kechish. Odamlar endi glyuten va laktozani yomonlamayapti, kofein va shakarni qo‘rqinchli deb hisoblamayapti. Chunki ular o‘zlari zararli emas, muammo ularning miqdorida va organizmning individual o‘ziga xosligida.

Masalan, o‘ziga makaron yoki shokoladni taqiqlagan odamlar ko‘pincha o‘zini tuta olmay, haddan ortiq ovqatlanib, ovqatlanish buzilishlariga duch kelishadi. Zamonaviy nutritsiologiya esa taqiqlangan mahsulotlarni xotirjamlik bilan, nazoratni yo‘qotmagan holda iste’mol qilishni o‘rgatadi.

Biroq, shuni ham unutmaslik kerakki, har qanday ovqatlanishda tibbiy tavsiyalar va individual xususiyatlarni hisobga olish, o‘zingizni tinglash va holatingizga e’tiborli bo‘lish muhimdir. Tanangizni o‘zi nima va qancha kerakligini biladi. O‘zingizga g‘amxo‘rlik qiling va salomat bo‘ling!