Pul

O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish yo‘lida Shveysariya bilan muzokaralarni yakunladi

O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish yo‘lida Shveysariya bilan muzokaralarni yakunladi

O‘zbekiston Respublikasi Jahon savdo tashkilotiga (JST) qo‘shilish doirasidagi ikki tomonlama muzokaralarni Shveysariya davlati bilan muvaffaqiyatli yakunladi. Bu haqda O‘zbekistonning JST bo‘yicha vakili Azizbek Urunov o‘zining bayonotida ma’lum qildi.

Jenevada 21-iyul kuni tomonlar o‘rtasida O‘zbekistonning JSTga a’zolik jarayonida bozorga kirish bo‘yicha kelishuvga erishildi va bu boradagi protokol imzolandi.

“O‘zbekiston va Shveysariya jamoalariga mashaqqatli hamda konstruktiv mehnati uchun minnatdorchilik bildiraman. Uzun ro‘yxat tugadi, endi teskari sanoq boshlandi”, — deya izoh berdi Urunov o‘zining LinkedIn sahifasida.

Shu bilan Shveysariya O‘zbekiston bilan bozorga kirish yuzasidan kelishuvga erishgan 25-davlat bo‘ldi. Eslatib o‘tamiz, 2024-yilning may oyida Buyuk Britaniya 24-davlat sifatida muzokaralarni yakunlagan edi.

Ma’lumot uchun, 2023-yildan boshlab davlat rahbari topshirig‘iga binoan O‘zbekiston JSTga a’zolik bo‘yicha faol choralarni amalga oshirib kelmoqda. Umumiy hisobda 33 mamlakat bilan bozorga kirish yuzasidan muzokaralar olib borilgan bo‘lib, hozirgacha ularning 25 tasi bilan kelishuvga erishilgan. 2025-yilda esa qolgan 8 ta mamlakat bilan muloqotlar yakunlanishi belgilangan.