O‘zbekiston sun’iy intellekt infratuzilmasini rivojlantirishga 50 mln dollar yo‘naltiradi

1-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va telekommunikatsiya yo‘nalishlaridagi yangi rejalar taqdimoti bilan tanishdi.
So‘nggi besh yil ichida ushbu sohada eksport hajmi 170 million dollardan 1 milliard dollarga yaqinlashgani ta’kidlandi. Internet tezligi 7 barobarga, mobil internet esa 4,5 barobarga oshgan. O‘tgan yili startap loyihalarga 70 million dollarlik venchur investitsiyalar jalb etilgan.
TelecomTV xizmatiga 7 kunlik bepul kirish imkoniyatiga ega bo‘ling.
Quyidagi tugmani bosing va hoziroq boshlang!
Ushbu natijalar evaziga O‘zbekiston Global startaplar indeksida 12 pog‘ona yuqorilab, ilk bor kuchli 100 talik ro‘yxatiga kiritildi. Shuningdek, o‘tgan yili sun’iy intellektga tayyorlik bo‘yicha xalqaro reytingda mamlakat 17 pog‘ona yuqorilab, Markaziy Osiyoda yetakchilikni qo‘lga kiritdi.
Kelgusi yilda davlat xizmatlarini raqamlashtirish darajasini 70 foizga, IT xizmatlari hajmini esa 100 trillion so‘mgacha yetkazish mo‘ljallangan. Shuningdek, Elektron hukumat rivojlanishi indeksida kamida 55-o‘rinni egallash rejalashtirilgan. Ushbu maqsadlarga erishish uchun bir qator normativ hujjat loyihalari tayyorlangan.
Prezident endi “Raqamli hukumat”ning yangi bosqichiga o‘tish zarurligini ta’kidladi. Bunda eng avvalo, aholining eng ko‘p murojaat qiladigan sohalar — ta’lim, sog‘liqni saqlash, qurilish va kommunal xizmatlardan boshlash taklif etildi.
Davlat rahbarining qaroriga muvofiq, 2030-yilgacha sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish strategiyasi qabul qilingan. Ushbu sohaning infratuzilmasini yaxshilash uchun 50 million dollar ajratilgan. Rejaga ko‘ra, milliy sun’iy intellekt modeli yaratiladi hamda 1 million nafar malakali mutaxassis tayyorlanadi.