O‘zbekiston terma jamoasi a’zolariga BYD avtomobillari topshiriladi

Toshkentda futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolarini kutib olish marosimi bo‘lib o‘tadi. Unda futbolchi va murabbiylarga prezident sovg‘asi — BYD avtomobillari topshiriladi.
O‘z tarixida ilk bor futbol bo‘yicha Jahon chempionatiga yo‘llanma olgan O‘zbekiston terma jamoasini Toshkentda kutib olish marosimi bo‘lib o‘tadi. Unda ularga Prezident sovg‘asi — BYD avtomobillari topshiriladi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar qildi.
“Kechagi o‘yindan so‘ng davlatimiz rahbari birinchi bo‘lib ularga qo‘ng‘iroq qildi va tarixiy natija bilan tabrikladilar. Bugun esa futbolchilar va murabbiylardan bir guruhini faxriy unvon, orden va medallar bilan mukofotlash to‘g‘risida farmon imzoladilar”, — dedi Asadov.
Avvalroq prezident futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari va O‘zbekiston futbol federatsiyasining bir qancha xodimlarini orden va medallar bilan mukofotlash to‘g‘risidagi farmonni imzolagani haqida xabar berilgandi.