O‘zbekiston xorijdan kelayotgan pul o‘tkazmalarini ko‘proq qabul qila boshladi

Markaziy bank hisobotiga ko‘ra, 2025-yilning yanvar–iyun oylarida O‘zbekistonga xorijdan kelgan pul o‘tkazmalari hajmi 8,2 milliard dollarga yetdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 27 foizga yoki 1,8 milliard dollarga ko‘pdir.
Ushbu mablag‘larning katta qismi, ya’ni 78 foizi yoki 6,4 mlrd dollari Rossiyadan yuborilgan. Qolgan qismi esa Qozog‘iston, AQSH, Janubiy Koreya, Turkiya, Buyuk Britaniya, Qirg‘iziston, Litva va boshqa davlatlardan tushgan. Pul o‘tkazmalarining ko‘payishi mehnat muhojirlarining faoliyati, ularning daromad darajasining barqarorligi va milliy valyuta kursining nisbatan mustahkamligi bilan bog‘liq.
Shuningdek, tashqi migratsiya yo‘nalishlari kengayib borayotgani bois rivojlangan davlatlardan kelayotgan o‘tkazmalar ham oshib bormoqda. Jumladan:
- Buyuk Britaniyadan kelgan pul o‘tkazmalari hajmi ikki barobar oshib, 89 mln dollarni tashkil etdi.
- Yevropa Ittifoqi davlatlaridan kelgan mablag‘lar 41 foizga ko‘payib, 251 mln dollarga yetdi.
- AQSHdan yuborilgan pullar hajmi esa 15 foizga o‘sib, 313 million dollarni tashkil etdi.
2025-yilning birinchi yarmida o‘tkazilgan 8,2 mlrd dollar mablag‘ning 53 foizi yoki 4,3 mlrd dollari an’anaviy xalqaro pul o‘tkazmalari tizimlari orqali yuborilgan bo‘lsa, yana 44 foizi (3,6 mlrd dollar) P2P usulida, ya’ni to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijdagi jismoniy shaxslar kartalaridan o‘tkazilgan.
SWIFT orqali kelgan mablag‘ esa 251 million dollarni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 22 foizga kamaygan. Shu bilan birga, O‘zbekistondan xorijga yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi 1,2 milliard dollarni tashkil etib, deyarli o‘tgan yilgi ko‘rsatkichda qoldi.