Pul

O‘zbekistonda muomaladagi bank kartalari soni keskin ko‘paydi

O‘zbekistonda muomaladagi bank kartalari soni keskin ko‘paydi

O‘zbekiston bank tizimida plastik kartalarning muomalaga chiqarilishi sezilarli darajada o‘smoqda. Bu haqda Markaziy bank tomonidan ma’lumot berildi.

2025-yil 1-aprel holatiga ko‘ra, mamlakatda jami 62 million 351 mingdan ortiq bank kartasi muomalaga chiqarilgan. Bu ko‘rsatkich 2024-yilning shu sanasiga nisbatan deyarli 14 million donaga ko‘pdir. O‘tgan yil aprelida plastik kartalar soni 48 million 373 mingdan oshgan edi.

Biroq, ushbu davr mobaynida to‘lov terminallari sonida biroz pasayish kuzatildi. 2024-yil aprelida respublika bo‘ylab 430 ming 66 ta terminal faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib bu raqam 424 ming 143 tagacha kamaygan.

Ayni vaqtda bankomat va infokiosklarga talab ortib, ularning soni oshib bormoqda. 2024-yil aprel oyida 26 ming 986 ta shunday qurilma mavjud bo‘lgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib bu ko‘rsatkich 33 ming 650 taga yetgan.