O‘zbekistonda umumiy pul hajmi rekord darajada oshdi

2025-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistondagi umumiy pul hajmi 312,5 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich mamlakat tarixida ilk bor qayd etilmoqda va iqtisodiy tizimdagi jiddiy o‘zgarishlardan dalolat beradi.
Eslatib o‘tamiz, may oyining oxirida pul massasi ilk marta 300 trillion so‘mlik marrani bosib o‘tgan edi. Iyun oyida esa bu ko‘rsatkich 12,3 trillion so‘mga oshgan. Yil boshidan buyon esa umumiy o‘sish hajmi 76 trillion so‘mga yetdi.
Pul massasidagi asosiy o‘sish milliy valyuta — so‘m hisobiga ro‘y bergan. Iyun oyining yakunida so‘mdagi pul massasi 250 trillion so‘mga yetib, bir oyda 10,6 trillion so‘mga ko‘paygan.
Shuningdek, muomaladagi naqd pullar hajmi ham iyun oyida 3,9 trillion so‘mga ortib, jami 59,1 trillion so‘mga yetdi. Bu esa aholining va biznes subyektlarining faol pul aylanishida ishtirok etayotganini ko‘rsatadi.