Aloqada bo‘ling

O‘zbekistonning 17 klubi OFK litsenziyasini qo‘lga kiritdi

O‘zbekistonning 17 klubi OFK litsenziyasini qo‘lga kiritdi

Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) 2025/26-yilgi mavsumda qit’a klublar o‘rtasidagi musobaqalarda ishtirok etish uchun litsenziyaga ega jamoalar ro‘yxatini e’lon qildi. O‘zbekiston Professional futbol ligasi (O‘zPFL) bergan xabarga ko‘ra, bu ro‘yxatda mamlakatimizdan 17 ta klub bor.

O‘zbekiston 2023/24-yilgi mavsumda 17 ta, 2024/25-yilgi mavsumda esa 19 ta klub bilan ishtirok etib, OFK doirasida eng faol mamlakatlardan biriga aylangan edi.

Biroq “Turon” va “Metallurg” jamoalari o‘z professional faoliyatini tugatgani sababli, yangi mavsum kvotalarida o‘zgarish yuz berdi. Bu esa jami litsenziyaga ega bo‘lgan klublar sonining pasayishiga olib keldi.

Superliga doirasida ishtirok etayotgan barcha jamoalar ketma-ket ikkinchi bor to‘liq litsenziya talablariga javob berdi. Proligadan esa faqat “Lokomotiv” OFK litsenziyasini qo‘lga kirita oldi.

Qayd etish kerak, Superligadagi klub soni 16 taga yetkazilgach, reglamentdan muhim bir band olib tashlangan: endilikda OFK litsenziyasiga ega bo‘lmagan klub ham Superligada ishtirok etish huquqiga ega. Ya’ni, 2026-yilgi mavsumda litsenziya ololmagan jamoa ham chempionatda qatnasha oladi.