Soliq qo‘mitasi raisi O‘zbekistonda hamma QQS to‘lovchisi bo‘lishi kerakligini aytdi

Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev O‘zbekistonda soliq solish tizimini unifikatsiya qilish tarafdori ekanini bildirdi. Bu haqda u 5-iyul kuni Savdo-sanoat palatasi tomonidan mehmonxona sohasi va auditorlik tashkilotlari vakillari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda qayd etdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, xizmat ko‘rsatish sohasida qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) summasi past hisobga olinishi kuzatilmoqda, chunki tannarxning asosiy qismi xodimlarning ish haqiga to‘g‘ri keladi. Amaldor bu biznesning soyaga ketishi yoki parchalanishiga olib kelishini ta’kidlab, tibbiy xizmatlarni misol qilib keltirdi. “Agar biz soliq yukini kamaytirsak, hajmlar ochiqligi hisobiga budjet pul yo‘qotmaydi”, — dedi u.
TelecomTV xizmatiga 7 kunlik bepul kirish imkoniyatiga ega bo‘ling.
Quyidagi tugmani bosing va hoziroq boshlang!
Soliq qo‘mitasi rahbarining tushuntirishicha, 1 mlrd so‘mlik QQS to‘lashga o‘tish chegarasi keyinchalik uni oshirish uchun kiritilmagan. Maqsad — buxgalterlarga QQS bilan ishlashga tayyorgarlik ko‘rish uchun moslashish davrini berish.
“Hamma QQS to‘lovchisi bo‘lishi kerak. Bizda soliqqa tortishning beshta turi bor. Bitta soliqchi QQSni ham, foyda solig‘ini ham, aylanmadan olinadigan soliqni ham, qat’iy belgilangan soliqni ham, o‘zini o‘zi band qilganlar uchun tizimni ham tushunishi kerak. Bu esa ma’muriyatchilikni murakkablashtiradi, ko‘plab xatolarga olib keladi va, afsuski, korrupsiyaga zamin yaratadi”, — dedi Sherzod Kudbiyev.
U bu masala bo‘yicha kompleks yechim yaratishga va’da berib, Xalqaro valyuta jamg‘armasi ham soliqqa tortish tizimini unifikatsiya qilishni tavsiya qilganini qo‘shimcha qildi. “Bu darrov amalga oshmaydi, chunki moliya yili tugashi kerak”, — deya xulosa qildi u.