Toshkentdagi birinchi yo‘l bo‘yi pulli parkovkalar qachondan ishga tushishi ma’lum bo‘ldi

May oyi oxirigacha Amir Temur xiyoboni, shuningdek, Mirobod, Shahrisabz, Istiqbol va Zarafshon ko‘chalarida avtoturargohlar paydo bo‘ladi. Qoidabuzarliklar uchun hozircha jarima belgilanmaydi, to‘lovlar bo‘yicha mobil ilova yaqin kunlarda ishga tushadi.
Toshkentdagi yo‘l bo‘yi pulli avtoturargohlar loyihasi 8-may kuni rasman ishga tushiriladi. Bu haqda 5-may kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Streetpark Systems pulli avtoturargohlar operatori vakillari ma’lum qildi.
Birinchi bosqich doirasida 30-maygacha poytaxtning 6 ta sinov ko‘chasida dastlabki pulli avtoturargohlarni ishga tushirish rejalashtirilgan. Ular orasida Amir Temur xiyoboni, Mirobod, Shahrisabz, Istiqbol va Zarafshon ko‘chalari bo‘lib, hozirda hududni obodonlashtirish, asfalt yotqizish, yo‘l belgilarini o‘rnatish va maxsus chiziqlar chizishni o‘z ichiga olgan tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Ikkinchi bosqichda esa 30-iyungacha poytaxtning yana 30 ta ko‘chasida pulli yo‘l bo‘yi avtoturargohlari paydo bo‘ladi, iyul oyi oxirigacha 13 208 ta to‘xtash joyiga mo‘ljallangan nuqtalar barcha 86 ta ko‘chani qamrab oladi.
Avtoturargoh uchun joylar quyidagi mezonlar bo‘yicha tanlandi:
- transport tirbandligi yuqori bo‘lgan ko‘chalar;
- savdo va uy-joy infratuzilmasiga yaqin bo‘lgan tumanlar;
- yo‘l harakati qoidalari va shaharsozlik normalarini buzmagan uchastkalar (chorrahalar, avtobus bekatlari, xavfsizlik zonalari loyihadan chiqarib tashlangan).
Streetpark Systems’ning tushuntirishicha, to‘xtash joyi uchun to‘lovni amalga oshirishning asosiy usuli Poytaxt Parking mobil ilovasi bo‘ladi, u takomillashtirilmoqda va shu hafta oxirida ilova do‘konlarida paydo bo‘ladi.
Ilova ichida foydalanuvchilar Payme, Click, Uzum Bank kabi turli to‘lov xizmatlaridan, shuningdek, xalqaro bank kartalaridan foydalanib to‘lov usullarini tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bunga qo‘shimcha ravishda, avtoturargohlar yaqinida naqd pul qabul qilish uchun Paynet terminallari o‘rnatiladi. Avtoturargoh narxi to‘lov usulidan qat’i nazar bir xil bo‘ladi.