Pul

Yarim yilda aholi banklarga 3,7 mlrd dollar ortiq valyuta sotdi

Yarim yilda aholi banklarga 3,7 mlrd dollar ortiq valyuta sotdi

Markaziy bank 2025-yilning yanvar–iyun oylarida aholining chet el valyutasi bo‘yicha amalga oshirgan operatsiyalari yuzasidan qisqacha sharhini e’lon qildi. Unda ko‘rsatilishicha, jismoniy shaxslar tomonidan banklarga sotilgan valyuta miqdori xarid qilinganidan ancha ko‘p bo‘lgan.

O‘tgan olti oy davomida aholining chet el valyutasini sotish va xarid qilish o‘rtasidagi farq $3,7 milliardni tashkil etdi. Bu raqam 2024-yilning shu davriga nisbatan sezilarli o‘sishni ko‘rsatmoqda.

Umuman olganda, banklar va jismoniy shaxslar o‘rtasida chet el valyutasi oldi-sotdisi bo‘yicha aylanish hajmi $14,5 milliardni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 24 foizga yoki $2,8 milliardga oshgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, aholi banklarga $9,1 milliard miqdorida xorijiy valyutani sotgan bo‘lsa, xarid qilingan miqdor $5,4 milliardni tashkil etgan. Bu esa ichki valyuta bozorida taklifning sezilarli darajada ortganini anglatadi.

Markaziy bankning ta’kidlashicha, aholining faolligi natijasida ichki bozorda qo‘shimcha valyuta taklifi yuzaga kelgan. Bu holat milliy valyutaning barqarorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.