Zak Snayder “So‘nggi surat” nomli harbiy dramani tayyorlamoqda

“Adolat ligasi” filmining rejissyori Zak Snayder “So‘nggi surat” nomli yangi mustaqil film suratga olishga kirishmoqda, deb xabar bermoqda The Hollywood Reporter.
Film Janubiy Amerikada yo‘qolgan jiyanlarini qidirishga otlangan sobiq maxsus xodim haqida hikoya qiladi. Bolalar shafqatsiz qotillik natijasida ota-onasidan ayrilgan. Qahramonga voqeaning yagona guvohi bo‘lgan harbiy fotograf yordam beradi.
"So‘nggi surat" filmidagi bosh rollarni Styuart Martin va Fra Fi ijro etadi - ular ikkalasi ham Snayder bilan “Isyonkor oy” dilogiyasida hamkorlik qilgan. Film ssenariysi Kurt Yonstad (“300 spartalik”) qalamiga mansub. Kompozitorlar safida Hans Zimmer ham bor.
Filmning aniq chiqish sanasi hali ma’lum emas. Snayder bu loyiha ustida 2000-yillarning o‘rtalaridan beri ishlab kelmoqda. Tayyorgarlik bosqichlarida “So‘nggi surat” filmida Kristian Beyl va Shon Penn rol o‘ynashi mumkin edi.