“12 ta mamlakatda 100 dan ortiq biologik farzandlarim bor” — Pavel Durov
Telegram asoschisi uzoq yillar davomida sperma donori boʻlganini va hozirda 100 dan ortiq biologik farzandlari borligini taʼkidladi. Durov bolalar bir-birlarini oson topib olishi uchun oʻzining DNK-kodini ochishni rejalashtirmoqda.
Telegram asoschisi Pavel Durov uzoq yillar davomida sperma donori boʻlganini maʼlum qildi. Hozirda uning 100 dan ortiq biologik farzandlari bor.
“Umuman oila qurmagan va butun umr yolgʻiz yashashni afzal koʻrgan yigit uchun bu aqlbovar qilmas hodisadir”, — deya qoʻshimcha qilgan messenjer asoschisi.
Uning tushuntirishicha, 15 yil oldin doʻsti Durovning yoniga kelib, undan sperma donori boʻlishni soʻragan. Pavel dastlab bundan hayratlanib, kulgiga olgan. Ammo ular klinikiga borgach hammasi jiddiy ekanini tushungan.
Shifoxonada vrach Durovga hozirda bu muammo butun dunyo boʻylab tarqalganini va sogʻlom urugʻlar har doimgidan koʻproq kerak boʻlayotganini tushuntirgan. Shu sababli biznesmen bu sohada donorlik qilishga qaror qilgan.
“Endi men biologik farzandlarim bir-birini oson topishi uchun DNK maʼlumotlarimni ochiqlamoqchiman. Toʻgʻri, bunda bir qancha xavflar mavjud. Lekin men donor boʻlganimdan afsuslanmayman. Men umumjahon muammolaridan birini yechishga hissa qoʻshganimdan faxrlanaman”, — deb yozgan Durov.