РУ
O’Z
UZS
/
/
15-avgust: arxeologlar bayrami va Tsoyni xotirlash kuni
14.08.2024

15-avgust: arxeologlar bayrami va Tsoyni xotirlash kuni

15-avgust: arxeologlar bayrami va Tsoyni xotirlash kuni

15-avgustda tish shifokorining kreslosi va aylanuvchi barabanli kir yuvish mashinasi patentlandi, Moskvada Tretyakov galereyasi ochildi, Golivudda Judi Garlend ishtirokidagi “Oz mamlakatining sehrgari” teatr spektaklini premyerasi o‘tkazildi, “National Airlines” aviakompaniyasi esa faqat 11-sentyabrda amal qiladigan “1 dollarlik parvoz” aktsiyasini e’lon qildi. Bugun – 15-avgustda yana qanday esda qolarli voqealar va bayramlar borligini quyidagi maqoladan bilib olamiz.

Arxeologlar kuni

Bu bayram arxeologlarimiz – tarixning ko‘plab sirlari va jumboqlarini ochishga yordam beradigan odamlarga bag‘ishlangan. Bugun bayram sharafiga qazish ishlari bilan shug‘ullanishingiz shart emas, shunchaki arxeolog do‘stingizni tabriklasangiz bo‘ldi.

Tsoyni xotirlash kuni

Mashhur qo‘shiqchi Tsoy vafotidan oldin Tashkentda gastrol safarida bo‘lganini bilarmidingiz? Tsoyning konsertlari “Yubiley” sport saroyida o‘tgan. Tomoshabinlar zal to‘la bo‘lganini, odamlar deyarli boshma-bosh turib, musiqaning sehridan bahramand bo‘lganini eslashadi. Bugun o‘sha his-tuyg‘ularni eslab, Tsoyning xotirasi sharafiga uning eng yaxshi qo‘shiqlarini tinglang.

Egizaklar kuni

Bu bayram aslida Fransiyada nishonlanadi, ammo bizda ham egizaklar borku (burj bo‘yicha emas, haqiqiy egizaklar). Agar siz ham egizaklardan biri bo‘lsangiz yoki biror egizak tanishingiz bo‘lsa, ularni bugungi bayram bilan tabriklash yoki birgalikda nishonlashni unutmang.

“Allo”ning tug‘ilgan kuni

Qiziqarli fakt: 1877-yil 15-avgustda ixtirochi Tomas Edison Pittsburghdagi bosh telgraf prezidentiga salomlashuv uchun “hello” so‘zini ishlatishni taklif qilgan, bu esa bizda “allo”ga o‘zgargan.

Limonli merengali pirog kuni

Amerikada nishonlanadigan bayramdir, axir limonli merengali pirog (beze) – eng yaxshi desertlardan biri hisoblanadi. U shirin, ammo shu bilan birga ozgina nordon, ko‘rinishi chiroyli va restoranlardagi kabi bo‘ladi. Quyida keltirilgan retsept bo‘yicha pirog pishirib, yaqinlaringizni hayratga soling.

Limonli merengali pirog retsepti

  • 125 g sariyog‘
  •  ¾ ch.q. tuz
  • 170 g un
  • 4 ta tuxum sarig‘i
  • 50 g kraxmal
  • 3 ta limon
  • 4 ta tuxum oqi
  • 150 g shakar upasi
  • 200 g shakar 

1. Unni tuz va bir ch.q. shakar bilan elab, bo‘laklangan sariyog‘ni qo‘shib, xamirni qorib olamiz. Keyin 2 osh qoshiq muzdek suv qo‘shib, yana aralashtiramiz. Xamir bir butun bo‘lib yig‘ilganda tayyor hisoblanadi.

2. Xamirni paketga solib, sovutgichga 30 daqiqaga qo‘yamiz.

3. 30 daqiqadan so‘ng xamirni 3 mm qalinlikda yoyib, qolipga solamiz, tekislab, oqiz-ovqat plyonkasi bilan o‘rab, yana sovutgichga 15 daqiqaga qo‘yamiz.

4. Xamirni vilka bilan teshib, ustidan pergament qog‘ozini qo‘yamiz va uning ustiga loviyalarni terib chiqamiz (xamir ko‘tarilmasligi uchun). Pechda 15 daqiqa (200°C) davomida  pishiramiz.

5. Loviya va pergament qog‘ozni olib tashlab, yana 10 daqiqa pishiramiz. So‘ng korjni sovitishga qo‘yamiz.

6. Bir idishda 200 g shakar, kraxmal va tuzni aralashtiramiz. Doimiy tarzda vilka bilan aralashtirib turgan holda, 360 ml issiq suv qo‘shamiz. So‘ng idishni olovga qo‘yib, qaynab chiqquncha qaynatamiz. Bir daqiqadan so‘ng u quyuqlashadi, doim aralashtirib turishni unutmaymiz. Olovni o‘chiramiz.

7. Alohida idishda tuxum sariqlarini yaxshilab urib, bir osh qoshiq kraxmal aralashmasini qo‘shib, tez aralashtiramiz (aks holda tuxum sariqlari qattiqlashib qoladi), keyin qaynab chiqqan aralashmaga qo‘shamiz. Past olovda qaynatishga olib boramiz. Olovni o‘chiramiz.

8. Kraxmal aralashmasiga 25 g sariyog‘, limon sharbati va limon sedrasini qo‘shamiz. Aralashtirib, quruq idishga solamiz. Oziq-ovqat plyonkasi bilan ustiga tegirgan holda o‘rab qo‘yamiz.

9. Shakar upasini elab olamiz. Tuxum oqlarini mikser yordamida, shakar upasini sekinlik qo‘shgan holda ko‘pirtirib olamiz.

10. Korj ustiga limonli nachinkani quyamiz, tekislab, ustiga merengani qo‘yamiz. Pechda 15 daqiqa davomida (180°C), merenga oltin rangga kirguncha pishiramiz. Pirogni dasturxonga uzatishdan oldin yaxshilab sovitish tavsiya etiladi.