17-avgust: sevimli divan va sekond-xend kuni
17-avgustda AQShda Pulitser mukofoti tashkil etilgan, Moskvada “Dinamo” stadionining ochilishi bo‘lib o‘tgan, hamda qo‘shiqchi Tina Tyorner Yevropada oxirgi konsertini bergan. Bu kun qayg‘uli hodisalar bilan ham bog‘liq – 1969-yilda Kamilla bo‘roni Missisipi shtatining ko‘p qismini vayron qilgan va bu kun tarixga mudhish kun sifatida muhrlangan. Ammo 17-avgustda nishonlanadigan yana qanday bayramlar kayfiyatni ko‘tarishi mumkinligini bilish uchun quyidagi maqolada keltirilgan bayram va muhim sanalar bilan tanishib chiqing.
Xalqaro uysiz hayvonlar kuni
Yoki bu yoqimtoy hayvonlarga yordam qo‘lini cho‘zish kuni: yaqin atrofdagi hayvonlar uyiga yordam bering, ko‘chadagi uysiz itlar yoki mushuklarga oz bo‘lsa ham ovqat bering yoki (agar ancha vaqtdan beri xohlagan bo‘lsangiz) biror yoqimli kuchukchani uyingizga olib keling. Ammo oldin uni veterinarga ko‘rsatishni unutmang.
Sevimli divan kuni
Dam olish kunlarini (yoki ish kunidan keyingi kechki paytni) sevimli divanda yotib o‘tkazish uchun mukammal kundir. Shunchaki emas, balki qiziqarli kitob bilan yoki sevimli serialingizni tomosha qilgan holda, albatta. Ha, hayotda gohida shunday kunlar ham bo‘lishi kerak.
Sekond-xend kuni
17-avgust munosabati bilan sekond-xendlar, Chorsu yoki Yangiobod eski bozorlariga borib ko‘rish yoki buvingizning sandig‘ini ochib ko‘rishini taklif etamiz, zora u yerdan sizga kerak bo‘lishi yoki yoqqan biror narsalarni topishingiz mumkin.
Zavarnoy krem kuni
Albatta, dam olish kunlarini dessertsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi! E’tiboringizga eng mazali profitroli – yana oddiy emas, shokoladli zavarnoy kremli profitroli retsepti bilan bo‘lishamiz.
Zavarnoy kremli profitroli retsepti
Krem uchun:
- 3 ta tuxum sarig‘i
- 70 gr shakar
- 10 gr vanilli shakar
- 1 osh qoshiq un (to‘liq)
- 125 ml sut
- 50 gr sariyog‘
- 2 choy qoshiq kakao
Xamir uchun:
- 62 ml suv
- 62 ml sut
- Bir chimdim tuz, shakar
- 50 gr sariyog‘
- 80 gr un
- 2 ta tuxum
1. Krem uchun idishda tuxum sariqlari, shakar, vanillli shakar, kakao va unni aralashtirib olamiz. Sutni qo‘shib, o‘rtacha olovda quyuqlashguncha isitamiz. To‘xtamay aralashtirgan holda, sariyog‘ qo‘shib, aralashtiramiz va sovitish uchun sovutgichga qo‘yamiz.
2. Boshqa idishga suv, sut, tuz, shakar va sariyog‘ni solamiz. Qaynagunga qadar past olovda pishiramiz. Olovni o‘chirib, un qo‘shamiz va aralashtiramiz. Yana olovga qo‘yib, plyonka hosil bo‘lguncha aralashtirib turamiz. Massani sovitib, tuxum qo‘shamiz. Pergament qog‘oziga xamirni doirachalar shaklida kesib qo‘yamiz. 180 darajada qizigan pechda 30 daqiqa davomida pishiramiz.
3. Profitrollarda kichik teshiklar qilib, krem bilan to‘ldiramiz. Ustini erigan shokolad, yong‘oq va rezavirlar bilan bezatib, dasturxonga uzatamiz.