2024-yil yozgi Olimpiada o‘yinlari eng qimmat va modaga boy bo‘ldi. Sabablarini ko‘rib chiqamiz
Parijda bo‘lib o‘tayotgan Olimpiya o‘yinlarining barcha brendli, eksklyuziv va qimmat “masalliqlari”ni to‘pladik. Xo‘sh, 2024-yil yozidagi eng shov-shuvli sport tadbiri nimalardan iborat? Keling, birgalikda ko‘rib chiqamiz.
Tashkilotchilar
Parijdagi Olimpiya o‘yinlarining asosiy hamkori sayyoradagi eng badavlat odamlardan biri Bernar Arnoning kompaniyasi bo‘ldi (aytgancha, u “Forbes” reytingida Ilon Maskning asosiy raqibi sanaladi). Bu o‘z tarkibiga “Louis Vuitton” kiyimlaridan Moët shampaniga qadar mashhur markalarni o‘zlashtirib olgan “LVMH”ning konglomeratidir. Asosiy hamkor kimligidan – hamma narsa eng yuqori, ko‘p millionlik darajada o‘tkazilishi aniq edi. Xo‘sh, bunga nima deysan Ilon Mask?
Manzillar
Sayyohlarning quvonchiga quvonch qo‘shish maqsadida sport an’analari Parijning asosiy diqqatga sazovor joylari yaqinida joylashgan. Voleybol musobaqalari uchun maxsus stadion Eyfel minorasi hududida qurildi, dzyudochilar va kurashchilar uchun joy Mars dalasida, Aleksandr III ko‘prigi velosiped yo‘liga aylandi, Yelisey maydoni esa skeytbordchilar va fristaylerlar uchun maxsus musobaqa maydoni bo‘ldi. Dizayner Karl Lagerfeldning sevimli joylaridan birida (“Chanel” shoularining aksariyati bo‘lib o‘tgan joy) – Gran Pale saroyi, qilichbozlik va taekvondo musobaqalari o‘tkaziladi.
Mashhur insonlar
2024-yilgi Olimpiya o‘yinlari mehmonlarinining ro‘yxati cheksiz, chunki bu tadbir butun dunyo mashhurlarini dam olish kunlari va bizneslarini to‘xtib turishga majbur qildi. Eng mashhur yulduzlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, bular: uzoq davom etgan kasallikdan so‘ng sahnaga qaytgan Selin Dion, shuningdek, ochilish marosimida “Dior” kutyur libosida ijro etgan Ledi Gaga. Snup Dog esa Olimpiada o‘yinlarining memiga aylandi: reperga Olimpiya mash’alini ko‘tarish topshirilgan edi, muxlislari esa, u buni qo‘lsiz amalga oshirishini aytib kulgi qilishdi.
Medallar
Olimpiya o‘yinlari uchun medallarni zargarlik brendi “Chaumet” yaratdi. Shu sababli, ustaxona boshlig‘i Benua Veryull barcha buyurtmalarini bekor qildi va shaxsan o‘zi medal dizaynini ishlab chiqdi. Natijada nihoyatda original va doimgidek qimmat medal tayyorlandi: zargarlik metallaridan tashqari, har bir medalga 80-yillarning oxirlaridagi Eyfel minorasining haqiqiy bir kichik bo‘lakchasi joylandi.
Ushbu hashamatli medallar esa haqiqiy charmdan yasalgan “Louis Vuitton” brendining patnislarida g‘oliblarga taqdim etiladi.
Mash’al
2024-yilgi Olimpiya o‘yinlaridagi mash’al fransuz dizayneri Matye Leanner tomonidan ishlab chiqilgan va buning uchun u boshqa yaratuvchilar o‘rtasidagi musobaqada g‘alaba qozondi. Leannerning g‘oyasi juda original emas, lekin ta’sirli edi: uning mash’ali tenglik, xotirjamlik va suvning ramzi edi (Olimpiada o‘yinlaridan bir necha oy oldin tozalangan Parij Sena daryosiga shunchalik ko‘p e’tibor qaratilgani bekorga emas).
Forma
Sportchilarning formalari – har doim alohida xarajat, shuningdek, taniqli brendlar uchun o‘zlarini reklama qilish imkoniyati hisoblangan. 2024-yilda sportchilar lyuks va ommaviy bozor vakillarining kiyimlarini kiydi. Shvedlarning formalari “UNIQLO”, amerikaliklar “Ralph Lauren” hamda fransiyalik olimpiyachilar “Pigalle” va “Le Coq Sportif” brendi kiyimlari edi.
Olimpiadaga ergashgan modachilar uchun ham syurprizlar bo‘ldi. Ular uchun “Adidas” “Sporty&Rich” bilan birgalikda Olimpiya o‘yinlariga bag‘ishlangan yangi kolleksiyani taqdim etdi. “Jacquemus” va “Nike”, Kim Kardashianning “Skims” ichki kiyim markasi ham O‘yinlarga bag‘ishlangan yangi kolleksiyasini namoyish etdi.
Parfyumeriya
Olimpiada o‘yinlari o‘z maxsus iforini yaratmasa bo‘lmas edi. Bu ishga esa kosmetik gigantlar ishga kirishdi. “Jean Paul Gaultier” yangi xushbo‘y iforlar liniyasini chiqardi. Parfyum uchun reklamani sun’iy intellekt tayyorladi.
“Guerlain” brendi o‘zining afsonaviy “Bee Bottle”ning yangi versiyasini taqdim etdi. Ushbu eksklyuziv parfyum flakoni Fransiyaning barcha “Guerlain” butiklarida sotuvda mavjud. Uni har bir kishi o‘z didi bo‘yicha o‘zgartirishi mumkin: ifor turi, o‘lchami, dizaynini tanlashi va hatto ism-sharifining bosh harflarini o‘yib yozdirishi mumkin. Olimpiya “cheklangan varianti” mijozlarga Fransiya bayrog‘i ranglari bo‘lgan muhr bilan taqdim etiladi.
Zargarlik buyumlari
30-yillardan beri Olimpiada o‘yinlarini namoyish etib kelayotgan Shveysariyaning “Omega” soat brendi eng mashhur modellarning cheklangan versiyalarini chiqardi. Misol uchun, “Seamaster Diver 3000M” 18 karatlik oltindan va soat strelkasida qo‘lda Olimpiada ramzi tushirilgan, shuningdek, temir va shu turdagi oltindan yasalgan, ammo hech qanday ramz tushirilmagan “Speedmaster Chronoscope” modellarni yaratdi.
“Chanel” brendi ham qimmatbaho zargarlik buyumlari bilan o‘ziga xosligini yana bir bor isbotladi. Moda uyida “The Haute Joaillerie Sport” yuqori zargarlik buyumlari to‘plami namoyish etildi, uning ambassadori esa aktrisa Kira Naytli bo‘ldi. Liniyada sirg‘alar, uzuklar, kolye va oq oltin, yoqut, zumrad, sapfir va olmoslardan tayyorlangan broshkalar kiradi. Barcha toshlar Fransiya bayrog‘ining ranglariga mos tarzda tanlangan.
Vogue
Olimpiya o‘yinlari va moda uzluksiz bog‘liqligini yana bir isboti – sport musobaqasiga tayyorgarlik ko‘rishda eng mashhur jurnalning ishtirokidir. Avval ular “Vogue World” shousini tashkil etdi va tomoshabinlarga moda va sportning yuz yillik tarixini namoyish etishdi. Shu bilan birga, ular bir nechta “Olimpiya” sahnalarini ham ko‘rsatdilar: masalan, “Vogue France” muqovasi uchun model Jiji Hadid tanlab olindi.
“Marrada moda g‘alaba qozonmoqda”, deyiladi tahririyat xabarining boshida.