2024 yilning interyer trendlari: qanday ranglar, dekor va matolar modada bo‘ladi
Atrofingizni o‘zgartirish va kvartira/uyda orzuingizdagi interyerni yaratish – har qanday mavsumning eng yoqimli an’analaridan biridir. Biz xonalar dizayni haqidagi azaliy savolga javob berishga va G‘arb dizaynerlari ma’qullagan 2024 yilgi interyer trendlari ro‘yxatini e’tiboringizga havola etishga qaror qildik. Eslatmalarda saqlab olishni unutmang.
Vazmin hashamat va ko‘p qatlamlar
Yaqinda urfga aylangan «vazmin hashamat» trendi nafaqat moda podiumlariga, balki 2024 yilgi interyer dizayniga ham kirib keldi. Uning asosiy xususiyatlari: qimmat va teksturali matolar, yuqori sifatli yog‘och va nafis mebellar (ixcham naqshlar va qo‘shimchalari bo‘lgan).
Interyerdagi «ko‘p qatlamli» effektga detallar yordamida erishish mumkin. Misol uchun, agar uyingizda juda «sokin» devorlar bo‘lsa, interyeringizga kontrast dekor elementlari – yorqin printlar, an’anaviy o‘zbek naqshlari, freska gul qog‘ozi yoki peyzajli pannolarni qo‘shishingiz mumkin.
Monoxrom va tabiiy palitra
Bir rangda qilingan kvartiraning dekori yana bir mashhur usul bo‘lib, u bir xil rangni «qatlamlab» monoxrom xonani yaratishdan iborat.
«Bu juda o‘zgacha go‘zal ko‘rinadi: siz hamma diqqatni devor rangiga emas, teksturalar, materiallarga qaratib, interyerda mebelni asosiy ko’zga tashlanadigan element bo’lishiga imkon yaratasiz», – deb dizayner Jeremi Brent trendning afzalliklarini ta’kidlaydi.
2023-yil yana bir interyer trendi – tabiiy palitradir. Osmon, yer, olov va o‘simliklarning ranglari dizaynerlar uchun asosiy bazaga aylanishi ajablanarli hol emas aslida. Chuqur, biroz bo‘g‘iq ranglar bizni tabiatga yaqinlashtirib, xonani uyg‘unlashtiradi. Ammo bu endi yorqinlikdan butunlay voz kechishimiz kerak degani emas – yorqin ranglar endi mebel va tekstillar kabi aksentlarda qo‘llaniladi.
Moda ranglari: podiumdan makonga
Moda haftaligi va moda dizaynerlari kollektsiyalarida ko‘rgan mavsumning eng zamonaviy ranglari allaqachon interyerda ham aktiv qo‘llanilmoqda. «Pantone» rang instituti tomonidan e‘lon qilingan 2024 yilning asosiy ranglari ham uy interyerlarida faol qo‘llanilmoqda.
«Bilasizmi, o‘tgan yili qizil rang moda sahnasida hukmronlik qilgan edi va men uning interyerda keng tarqalganini ko‘rdim. Ehtimol, uni Latte rangi bilan aralashtirib ko‘rish kerakdir?», – deb izoh berdi dizayner Joy Moller.
Retro yoritish
Retro yoritish ham 2024-yilgi trendlar ro‘yxatiga kiritilgan va bu shunchaki emas: vintaj lampalar, chiroqlar va pol lampalari xonalarga ma’lum bir «vayb» va sirli muhit yaratib, ularni yanada qulay qiladi va vazmin hashamat trendiga juda mos keladi. Agar sizda 50-60-yillardagi antiqa buyumlar saqlanib qolgan bo‘lsa, hech bo‘lmaganda zamonaviy interyer uchun ulardan xalos bo‘lishga shoshilmang.
Vannadagi chiziqlar va geometriya
Chiziqlar – hammom va hojatxonalarning interyeri uchun yangi yechimdir. Dush xonasidagi «chiziqli» devorlar yoki plitkalar sho‘x kayfiyatni yaratib, hatto eng kichik xonani ham keng ko‘rinishiga yordam beradi.
«Bu dizaynda an’anaviy, ammo ayni paytda zamonaviy ohang bor. U konservatizm va novatorlikning mukammal uyg‘unligidir», – deya ta’kidlaydi mutaxassislar.
Bundan tashqari, siz boshqa istalgan geometrik naqshlarni ko'rib chiqishingiz mumkin – ular och va ko‘k ranglarda hojatxonalarda qo‘llashga mos keladi.
Aksessuarlar: marmar va yog‘och
Qimmatbaho va «abadiy» materiallardan tayyorlangan aksessuarlar uyingizga xarakter va o‘ziga xoslik bag‘ishlaydi. Mexmonxonangizni marmardan yasalgan atigi bitta lagan yoki kofe stoli qanchalik hayratda qolidiradigan darajada o‘zgartirishini o‘zingiz guvohi bo‘ling.
To‘q rangli yog‘och panellar bilan bezatilgan devorlar qulaylik va xavfsizlik muhitini yaratib, «bo‘ydoqlar makoni» ni oilaviy go‘shangaga aylantiradi. Ammo agar siz hozirda tejash rejimida bo‘lib, haqiqiy yog‘ochni sotib ololmasangiz, yog‘ochga imitatsiya qildirilgan gul qog‘ozini ham qo‘llashingiz mumkin.
Taktil va yoqimli to‘qimalar
Dizayndagi eng mashhur trendlardan biri – tekkanda yoqimli narsalardir. Matolar alohida qiziqish uyg‘otadi: tabiiy paxta, zig‘ir va hatto jun materiallar. Ulardan pardalar tikish, mebel qoplamalarini yaratish mumkin.
Dizaynerlar, shuningdek, interyerda mos kelmaydigan to‘qimalarni birlashtirishni yaxshi ko‘radilar. Masalan, gipsli devorlarni yog‘ochli shift va pollar bilan. Bu xonani yanada erkin va hajmli qiladi.
«Qadimgi» uslubidagi otdelka hozirda yangi, silliq va porloq uslubli otdelkadan ko‘proq talabga ega. Bu interyerni yanada boy, olijanob va «asrlar davomida» uslubida bo‘lishiga yordam beradi.
Noyoblik va ekologik
Oilaviy antiqa buyumlar, mualliflik buyumlari, vintaj va san’at buyumlari kabi noyob aksessuarlar interyerga «ajiblik» bahsh etib, uni o‘ziga xos qiladi. Bu uyingiz dizaynidagi so‘nggi, ammo ulkan ahamiyatga ega bo‘lgan qismidir.
Interyerda ekologik mahsulotlardan foydalanish nafaqat trend, balki sog‘lig‘imiz uchun ham ancha foydali hisoblanadi. Rotang, qamish yoki luxdan yasalgan mebellar nafaqat yozgi uylarda, balki kvartirangizda ham ajoyib ko‘rinishga ega bo‘lib, hatto sizni mahallaning eng g‘amxo‘r kishisi sifatida ulug‘laydi.
Futurizm va innovatsiyalar
Kvartiralar dizayniga asta-sekin kirib boradigan yana bir interyer dizayni trendi zamon bilan hamnafas bo‘lishni afzal ko‘rganlarga mos keladi. U ultra zamonaviy mebellarda, shuningdek, qayta ishlangan plastmassa kabi innovatsion materiallar bilan ishlab chiqilgan aksessuarlarda ifodalanadi.