3D baliq, yolg‘izlar uchun desert va foydali qahva: 2024-yilning oziq-ovqat trendlari
Trendlar nafaqat moda va go‘zallik, balki ovqatlanish, sog‘lom turmush tarzi va nutritsiologiyaga ham aloqador. Oziq-ovqat tendensiyasi shamol tezligi bilan o‘zgarmoqda, biz esa uni qabul qilishimiz va moslashishimiz kerak. Xo‘sh, hozir nima urfda? Ekspertlar xulosasiga asoslanib, 2024-yil davomida biz bilan qoladigan eng yaxshi ovqatlanish trendlarini to‘pladik.
Sneyklar va gazaklar
“New Yorker” jurnalining oziq-ovqat bo‘yicha ekspertlarining aytishicha, ovqatlanishdagi eng mashhur trendlardan biri sneyklar yoki gazaklar bo‘ladi. Restoranda asosiy taom o‘rniga buyurtma berish mumkin bo‘lgan bir nechta mikro gazaklar yoki har qanday fud-trakda va supermarketda sotiladigan sneyklar — hamma narsani bir vaqtning o‘zida sinab ko‘rishning ajoyib usuli, ammo qomatimizga xavf solmagan holda minimal miqdorda iste’mol qilish zarur. Xo‘sh, endi kimga osh, kotlet va kompot kerak?
Kakao qobig‘i
Uzoq vaqt davomida kakao loviyasining qobig‘i sanoat chiqindilari ro‘yxatiga kiritilgan va o‘ziga xos nordon-shirin ta’mi tufayli uni e’tiborsiz qoldirishgan. Ammo endi hamma narsa o‘zgardi — bu hatto mashhur brendlar ham faol foydalanadigan yangi sog‘lom turmush tarzi trendiga aylandi. Masalan, "Nestle" kompaniyasi undan shakar o‘rnini bosuvchi sifatida foydalandi.
G‘arbning oziq-ovqat bo‘yicha mutaxassislarining prognoziga ko‘ra, shokolad — bu cheklov emas va tez orada biz foydali smuzi va kakao sharbatlarini ichishni boshlaymiz, bu esa sportchilarni hatto proteinli koktellardan voz kechishga majbur qiladi. Kakao qobig‘ining nima foydasi bor? Mahsulot tarkibiga kiruvchi antioksidantlar bosimni normallashtiradi, yurak va tomirlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, shuningdek, ozishga yordam beradi.
Qo‘ziqorinli qahva
Ko‘pchilik bilmaydi, ammo qo‘ziqorin qahvasi Finlyandiyada Ikkinchi jahon urushi paytida mashhur mahsulot bo‘lgan, hozir esa amerikaliklar ratsionida tez-tez paydo bo‘la boshladi. Aytishlaricha, u ta’mi bilan oddiylardan deyarli farq qilmaydi, lekin foydaliligi bilan ustun keladi. Qo‘ziqorinli ichimlik immunitetni mustahkamlaydi, organizmdagi stress va yallig‘lanishni bartaraf etadi, vazn va qondagi glyukoza darajasini normallashtiradi. Biroq, autoimmun kasalliklari va qonda muammolari bo‘lgan odamlar bunday mazali ichimlikni ta‘tib ko‘rmasligi lozim.
3D printerdagi dengiz o‘simlik mahsulotlari va baliqlar
“Dengiz mavjudotlari”ning mazkur turiga moyillik AQSHda pandemiya avj olgan paytda rivojlana boshlagan va bugungi kunda butun Yevropa bo‘ylab asta-sekin tarqalmoqda. Bunda ekologik kun tartibi: atorif-muhit bilan bog‘liq muammolar, noqonuniy baliq ovlash va boshqalar muhim rol o‘ynagan. 3D-printerda tayyorlangan baliqlar, qisqichbaqalar va ikraning foydasi juda kam, chunki ular bug‘doy oqsili va suv o‘tlaridan tayyorlangan.
Bir kishilik desert
Shakar — o‘z salomatligi, ovqatlanishi va vaznini nazorat qiladigan deyarli barcha odamlar tomonidan "man etilgan” eng zararli mahsulotlardan biridir. Shu bilan birga, biz o‘zimizni qat’iy chegaralab qo‘ymoqchi emasmiz. Shuning uchun yevropalik qandolatchilar hech kimga zarar yetkazmaydigan va hissiy lazzat beruvchi “bir kishilik desertlar” — layfxakini o‘ylab topishdi. Bu yerda iqtisodiy sabab ham bor: qahvaxonalardagi tortlar va pishiriqlar to‘plamlari alohida xarajat, ammo kichik miqdordagi shirinlik byudjetingizni keskin kamaytirishi dargumon.
“Kompaniya uchun” ovqat
Bunda hammasi aksincha va kichik tarelkalarsiz. Butun kompaniya uchun taqsimlash mumkin bo'lgan katta taomlar Yevropa va AQSHning mashhur restoranlarida mashhurlik qozonmoqda. Besh kishilik qovurilgan tovuq, uch kishilik raguli taom yoki do'stlaringiz va itingizni boqadigan bir kosa sho‘rva — mana bu yangi va hayratlanarli oziq-ovqat trendi. Xuddi shu narsa Instagramdagi “ulkan” sirniklar, kruassanlar va bir litrli piyoladagi kapuchinoga ham tegishli — siz ularni yolg‘iz tanovvul qila olmaysiz.
Ko‘proq ziravorlar
Everyday Health ekspertlarining fikriga ko‘ra, trenddan “ta’m retseptorlarini uyg‘otadigan” oziq-ovqat joy oladi. Mazali, achchiq va ziravorlar qo'shilgan hamma narsa do‘kon tokchalarida tez-tez paydo bo‘ladi, restoran oshpazlari esa shakar o‘rniga qalampirdan keng foydalanishga o‘tadi. Bu shubhali tuyulishi mumkin, lekin yashasak, ko‘raveramiz.