+45 daraja: Oʻzbekistonni navbatdagi jazirama toʻlqini qoplaydi
Oʻzgidromet prognozlariga koʻra, 6–8-avgust kunlari Oʻzbekistonning ayrim hududlarida havo harorati 45 darajagacha koʻtariladi. Iqlimshunos Erkin Abdulahatovning fikricha, bu jazirama yozning barcha oldingi issiq davrlaridan kuchliroq boʻlishi mumkin.
Harorat 45 darajagacha koʻtariladi
Ushhbu ikki kun ichida Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlari, Qoraqalpogʻiston va choʻl hududlarida havo harorati kunduzi 43 darajaga yetadi. Keyin, 8-avgust kuni Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro va Navoiy viloyatlarida havo harorati 45 darajagacha, Fargʻona vodiysida esa 42 darajagacha issiq boʻlishi mumkin.
Keyingi issiqlik toʻlqini yaqinlashmoqda
Iqlimshunos Erkin Abdulahatovning soʻzlariga koʻra, navbatdagi issiqlik toʻlqini avvalgilaridan kuchliroq boʻlishi kutilmoqda.
“Joriy issiqlik toʻlqini yuqori ehtimol, hududlarda butun yoz boʻyi kuzatilgan issiqlik toʻlqinlaridan kuchliroq boʻlishi mumkin. Chunki, avgust uchun tungi namlikning mavsumiy biroz ortish omili insonlarda haroratni yuqoriroq his qilinishiga olib keladi”, — deb taʼkidladi tadqiqotchi.
Iyul oyida gʻayritabiiy issiqlik
Oʻzbekistonda oxirgi marta 25-iyuldan 29-iyulgacha oʻta issiq havo kuzatilgandi. Besh kun davomida havo harorati respublikaning aksariyat hududlarida 40–43 daraja, janubiy va choʻl hududlarida esa 44–45 darajagacha issiq boʻldi. Aksariyat hududlarda tungi havo harorati ham 30 darajaga yetdi.
Bir necha kun davomida Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida eng yuqori harorat qayd etildi. Masalan, 27-iyul kuni shaharda kuzatuvlar tarixidagi eng yuqori harorat rekordi yangilandi. Maksimal harorat 45 darajaga yetdi.
Kunduzgi harorat ketma-ket besh kun davomida kamida 43 daraja yoki undan yuqori boʻlsa, bu issiqlik toʻlqini hisoblanadi. Bunday issiqlik inson salomatligi uchun oʻta xavfli meteorologik hodisa sifatida tasniflanadi.
Harorat anomaliyasi
Erkin Abdulahatovning soʻzlariga koʻra, hozirgi jazirama respublikaning aksariyat hududlarida harorat anomaliyasini keltirib chiqarmagan.
Havo haroratining keskin oshishi birinchi navbatda bolalar, qariyalar va bemorlarga salbiy taʼsir qiladi. Hatto sogʻlom odamlar ham muayyan qoidalarga rioya qilishlari kerak. Sogʻliqni saqlash vazirligi aholiga issiqlikdan himoyalanish qoidalarini eslatib oʻtgan.
Rasmiy tashkilot tavsiyalari
Vazirlik soat 10:00 dan 17:00 gacha salqin joylarda boʻlishni, paxtadan tikilgan kiyim kiyishni va kuniga kamida 3 litr suyuqlik ichishni tavsiya qildi. Kun davomida iliq dush oling va haddan tashqari qizib ketmaslik uchun vaqti-vaqti bilan tanangizni sovuq suvda namlangan sochiq bilan artib oling.
Oʻzbekiston tarixidagi eng issiq yil
Maʼlumot uchun, 1983-yilda Oʻzbekiston tarixidagi eng yuqori harorat Buxoro viloyatida qayd etilgan. Oʻshanda respublikada havo harorati 49,9 darajaga yetgan. 1914-yilda Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida 49,6 daraja harorat qayd etilgan. Toshkentda 1997-yil 18-iyulda havo harorati 44,6 darajaga yetgan va bu oʻsha davrdagi kuzatuvlarning butun 160-yillik tarixidagi rekord boʻlgandi.