РУ
O’Z
UZS
/
/
Afsona yoki haqiqat: Amir Temur qabrining ochilishi siri
18.09.2024

Afsona yoki haqiqat: Amir Temur qabrining ochilishi siri

Afsona yoki haqiqat: Amir Temur qabrining ochilishi siri

1941-yil iyun. Samarqand. Stalinning shaxsiy farmoyishi bilan bir guruh sovet arxeologlari va antropologlari buyuk sarkarda, sohibqiron Amir Temur maqbarasini ochadi.

Operatsiya IIXK ofitserlari nazorati ostida oʻtmoqda. Olimlarning har bir harakati kinooperator Malik Qayumov tomonidan plyonkaga tushiriladi. Maqbara ochilgan kuni Malik yaqinroqdagi choyxonaga ovqatlangani borib, u yerda mahalliy oqsoqollar u bilan suhbatlashadi. Ular unga qadimiy qargʻish haqida gapirib berishdi, unga koʻra, agar Amir Temurning xoki bezovta qilinsa, halokatli urushdan dunyo larzaga keladi.

“Kimki qabrni ochsa, urush ruhini ozod qiladi. Shunaqangi qonli va dahshatli qirgʻin boʻladiki, bunaqasini dunyo hech qachon koʻrmagan”.

Kinooperator bu voqeani shu zahotiyoq ekspeditsiya rahbari, akademik Toshmuhammad Qori Niyozovga aytib beradi. Biroq oʻzbek oqsoqollarining ogohlantirishi unga tabassumdan boshqa taʼsir qilmadi. Qabrni ochishadi. Oradan bir necha soat oʻtgach, ekspeditsiya qatnashchilarini haqiqiy dahshat qamrab oladi.

Keyinchalik kinooperator Malik Qayumov shunday eslaydi: “Urush boshlandi. Yaqinlashdim, qarasam, inglizlar Rashn-Doychlendni eshittirishyapti. Kechasi soat uchlar edi. Ertalab barvaqt buyruq keldi: ekspeditsiyani yigʻishtirib, Toshkentga joʻnang”.

Bu mashʼum tasodifmi yoki haqiqiy mistik voqea edimi? Nima uchun Goʻri Amir maqbarasiga tashrif buyuruvchilar uchun maqbaraga kirish haligacha yopiq? Keling, shu mavzuni tahlil qilamiz.

Ajabtovur tarix

Bugungi kunda Goʻri Amir maqbarasiga tashrif buyuruvchilar faqat qabristonning fotosuratini koʻrishi mumkin. Amir Temur tobuti ustidagi qora nefritda katta yoriq koʻzga tashlanadi. Eron yilnomachilari sarkofagning bunday ahvolga tushishiga Eron sarkardasi Nodirshohning oʻylamay qilgan ishi sabab boʻlgan, deb taʼkidlaydi.

XVIII asrning oʻrtalarida u qabrdan qimmatbaho toshni olib, oʻz saroyini qurish uchun ishlatishni buyurgan. Ammo plitani Eronga olib kelishganda mamlakatni dahshatli zilzila larzaga soladi. Qargʻish eshitishdan qoʻrqib ketgan Nodirshoh shu zahotiyoq qabrtoshni joyiga qaytarib qoʻyishni buyurgan.

Tosh qayta Samarqandga olib kelinayotganda parchalanib ketadi. Sarkarda esa tez orada fitnachilar tomonidan oʻldiriladi. Ehtimol, aynan shu voqea Amir Temur qabrining laʼnatlanishi haqidagi afsonaning kelib chiqishiga asos boʻlgan, deyishimiz mumkin.

Ekspeditsiyaning Samarqandga safari

Amir Temur, shuningdek, uning oʻgʻillari va nevaralarining qabri Goʻri Amir maqbarasida saqlanadi. U 1404-yilda sarkardaning buyrugʻi bilan qurilgan. Olimlar Temurning qabri qayerda boʻlishi haqida uzoq bahslashgan. Uning jasadi aynan shu maqbarada yotganligiga ishonch hosil qilish uchun 1941-yilda Samarqandga ekspeditsiya uyushtirishga qaror qilindi.

Unda arxeologlar Toshmuhammad Niyozovich Qori Niyozov va Aleksandr Aleksandrovich Semyonov, antropolog Mixail Mixaylovich Gerasimov, kinooperator Malik Qayumov, yozuvchi va filolog Sadriddin Ayniy va uning oʻgʻli Kamol ishtirok etdi.

Birinchi navbatda Amir Temurning oʻgʻillari — Mironshoh va Shohrux qabrlari ochildi. Ikki kundan soʻng ekspeditsiya qatnashchilari Mirzo Ulugʻbekning jasadini olib chiqishdi. 19-iyunda Temur maqbarasidan katta nefrit tosh olib tashlangan, ertasi kuni esa qabrning oʻzi ochilgan. Va bu birinchi nomuvofiqlik — eʼtibor bering. Aytishlaricha, qabriston ochilgan kunning ertasiga urush boshlangan emish. Lekin aslida 2 kundan keyinga toʻgʻri keladi.

Qazishmalarga qaytamiz. Murda yorib koʻrilgan zahoti havo muattar hidga toʻladi, bu esa Temurning ozod boʻlgan ruhi haqidagi afsonani keltirib chiqargan. Maqbarada goʻyo: “Kimki bu dunyoda yoki oxiratda mening oromgohimni buzsa, azob-uqubat chekadi va halok boʻladi”, degan ogohlantirish yozilgani ham bu voqeaga sirli tus bergan.

Shunday boʻlsada, buyuk sarkarda tobutini ochish amalga oshirildi. Marmar tobut ichida archa yogʻochidan yasalgan tobut bor edi, uning ustida qalin mato qoldiqlari koʻrinib turardi. Gazlama oltin va kumush iplar bilan tikilgandi. Olimlar saqlanib qolgan mato parchalarida qadimgi yozuvlarni koʻra olishdi. Tobutning oʻzi yaxshi saqlangan edi. Unda uni mustahkamlovchi taxtalar va tirgaklar topildi.

Unda topilgan qoldiqlardan, ularning egasi baland boʻyli, boldiri shikastlangan va umurtqasi deformatsiyaga uchragan odam ekanligi aniqlandi. Shunday qilib, taxmin tasdiqlandi: Goʻri Amirda haqiqatan ham Amir Temur dafn etilgan ekan.

Koʻp oʻtmay ekspeditsiya qatnashchilari gitlerchi Germaniyaning SSSRga hujumi boshlanganidan xabar topishdi. Samarqandda va boshqa joylarda koʻpchilik buni aynan Temur qabrining ochilishi bilan bogʻladi. Ekspeditsiya zudlik bilan toʻxtatildi va buyuk arboblarning qoldiqlari keyingi tadqiqotlar uchun Moskvaga joʻnatildi.

Shu bilan birga, Temur ruhi haqidagi afsonaga ishonish uchun yana bir sabab shuki, urushning burilish nuqtasi boʻlgan Stalingrad jangidagi gʻalabadan bir oy oldin SSSR rahbariyati Temur va Temuriylar qoldiqlarini Samarqandga qaytarishni buyurgan edi.

Amir Temurning tashqi koʻrinishi qanday boʻlgan?

19-iyun, payshanba kuni sohibqiron Amir Temurning qabrini ochishga kirishiladi. Uning qabri oʻgʻil­lari­ning qabri­dan ancha farq qilib, salobati va ulugʻ­vorligi bilan ajralib turadi. Sohibqiron koʻmilgan joy 20 santimetr qalinlikdagi ogʻir marmartosh bilan bekitilgan boʻlib, toshning uzunligi 245 sm, eni esa 90 santimetr boʻlgan.

Tobutning ustiga qoramtir koʻkish rangli gazlama yopilganligi aniqlanadi. Tobutning rangi qoramtir, yogʻochlari baquvvat, silliqlangan taxtalardan yasalgan boʻlib, alohida qopqogʻi ham boʻlgan. Tobutning toʻrt burchagida toʻrtta oyoqchasi boʻlib, uni zax yerga tegib turishidan asragan. Tobutni yasagan ustalar uni mustah­kamlash uchun toʻrt burchakli temir mixlardan foydalanishgan.

Amir Temurning jasadi uzun qilib yotqizilgan holda, yuzi esa qibla tomonga qaratilgan holatida ekanligi aniqlangan. Suyaklarning baʼzi joylariga kafan qoldiqlari yopishib qolgan va bosh, boʻyin, oyoq tomonlarida mumiyolangan muskullar, teri parchalari boʻlgan. Jasadning usti yupqa loyqa va tuzlar bilan qoplangan boʻlib, bu suv toshqinlari tufayli qabrga kirgan suvning qoldiq­lari ekanligi aytiladi.

Amir Temurning soch tolalari qalin va toʻgʻri boʻlib, sargʻish-qoʻngʻir rangda, sal-pal oq ham oralagan. Uning bosh chanogʻida qoshlarining qoldiqlari ham saqlangan boʻlib, uzunligi 12−14 millimetrgacha borgan va rangi toʻq-jigarrang boʻlgan. Moʻylovi saqlanmagan. Gerasimov bosh chanoqdagi oʻrniga qarab uning moʻylovi uzun, labidan ham pastga tushib turganini aniqlagan.

Laʼnat haqiqatan ham bormidi?

Maqbaraning ochilishi munosabati bilan urush boshlanishi haqidagi afsonaning muallifi Malik Qayumov hisoblanadi. Uning aytishicha, qabrni ochishdan oldin tushki tanaffusda choyxonaga borgan va u yerda uch oqsoqolni uchratgan. Ular unga maqbarani ochish mumkin emasligini, aks holda urush boshlanishini aytishgan. Oʻz soʻzlarini tasdiqlash uchun qariyalar operatorga arab kitobidan tegishli bashoratni oʻqib berishgan. Keyin matnni akademik Semyonovga koʻrsatishgan, u esa uning muqaddasligi haqidagi mish-mishlarni rad etgan. Olimning taʼkidlashicha, bu faqat rivoyat va afsonalar toʻplami ekan. Biroq bashorat matni qoʻlda yozilgan edi.

2012-yil 30-noyabrda Pravda.ru nashri Anton Yevseyevning Amir Temur qabri qargʻishi haqidagi maqolasini eʼlon qildi. Unda goʻyo Malik Qayumovning aytishicha, qabrtoshda: “Men qoʻzgʻalganimda dunyo larzaga keladi”, tobut ichida esa: “Kimki bu dunyoda yoki oxiratda mening oromimni buzsa, u azob chekadi va halok boʻladi”, degan soʻzlar yozilgan emish. Biroq Malik Qayumov bilan toʻgʻridan-toʻgʻri suhbat yozuvi buni inkor etadi.

Xoʻsh, Amir Temurning nefrit qabrtoshiga aslida nima yozilgan? Qabrtoshning old tomoniga suls xati bilan marhumning shajarasi yozilgan. Nefrit qabrtoshining yon tomoniga suls xati bilan: “Tanlanganlar va jangchilarning homiysi, barcha dushmanlarni magʻlub etgan Allohga hamdlar boʻlsin. Undan oʻzga hech narsa boqiy emas. Gʻayridinlarga qahr qiluvchi, beozorlarga mehribon.” deb yozilgan. Marhum sarkardaning oromini buzgan kishi azob-uqubatlarga duchor boʻladi, degan ogohlantirishlarni tadqiqotchilar topa olmadilar. Bu yana bir noaniqlik.

Endi tobutni ochgandan soʻng qabristonni muattar hidlar toʻldirganiga kelsak. Maʼlumki, Temur Xitoyga ketayotganida Oʻtror shahrida vafot etgan. Shuning uchun uni tashish va Samarqandda dafn etish uchun jasadni mumiyolashgan. Demak, bu faqat xos moylarning hidi boʻlgan deyish mumkin.

Urush boshlanishi bilan toʻgʻri kelganiga toʻxtalamiz. Ikkinchi jahon urushi 1939-yilda Polshaga hujum bilan boshlangan va SSSRga qarshi “Barbarossa” hujum rejasi 1940-yildayoq Gitler tomonidan tasdiqlangan edi. Shu bilan birga, konspirologik nazariyalar muxlislari Stalingrad jangiga bir oy qolganda (bu urushda burilish nuqtasi boʻlgan) Stalin Temurning jasadini Samarqandga qaytarib olib kelib, barcha ehtiromlar bilan dafn etishni buyurganini ham eslatib oʻtishadi.