/
/
Apple sunʼiy intellekti namoyish etiladigan taqdimot sanasi maʼlum boʻldi
25.07.2024

Apple sunʼiy intellekti namoyish etiladigan taqdimot sanasi maʼlum boʻldi

Amerikaning IT giganti — Apple kompaniyasi oʻzining yangi sunʼiy intellektini namoyish etishga tayyorgarlik koʻrmoqda. Taqdimot avgust oyining oʻrtasida boʻlib oʻtadi.

Apple sunʼiy intellekti namoyish etiladigan taqdimot sanasi maʼlum boʻldi

Apple dasturchilar uchun yangi taqdimot sanasini eʼlon qildi, unda Apple Intelligence deb nomlangan yangi sunʼiy intellekt namoyish etiladi. Bu haqda 9to5Mac axboriy portali xabar berdi.

“Apple Intelligence va dasturiy taʼminotni oʻrganing” deb nomlangan tadbir 14-avgust kuni Apple Park shtab-kvartirasida boʻlib oʻtadi. Katta ehtimol bilan taqdimotda sunʼiy intellektning ishchi versiyasi namoyish qilinadi.

9to5Mac jurnalistlarining qayd etishicha, bu yangilik yaqin kelajakda Apple Intelligence ishga tushishini anglatmaydi.

WWDC 2024 koʻrgazmasida Apple sunʼiy intellekt funksiyalari iOS 18 va macOS Sequoiaʼda mavjud boʻlishini eʼlon qilgandi. Koʻp oʻtmay, Apple veb-saytida yozda Apple Intelligenceʼning beta-versiyasining ishga tushirilishi haqida maʼlumot paydo boʻldi, biroq keyinchalik bu maʼlumot oʻchirilgan.

Foydalanuvchilar “navbatga turishi” va Apple Intelligence mavjud boʻlganda uni faollashtirish uchun kutish roʻyxatiga qoʻshilishi kerak boʻladi. Mark Gurmanning soʻzlariga koʻra, Apple shu yilning kuzida Apple Intelligenceʼning baʼzi xususiyatlarini ishga tushirishni rejalashtirmoqda, ammo SI tizimining bir qismi 2025-yilga kelibgina ishlaydi.