Avval va hozir: Oloy bozori 35 yil ichida qanchalik oʻzgardi
Toshkentning eng qadimiy bozorlaridan biri hisoblanuvchi Oloy savdo majmuasi bugungi kunda ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan. Unga bir kunda mingdan ortiq xaridor tashrif buyuradi. Ushbu maqolada bozorning 1989-yil va 2024-yildagi koʻrinishi tahlil qilamiz.
Oloy bozori Toshkentning markazida joylashgan boʻlib, u poytaxtning tashrif qogʻozlaridan biri hisoblanadi. Ammo Chorsudan farqli oʻlaroq Oloyda tarixiylik bir muncha yoʻqolgan.
Bir oy avval ijtimoiy tarmoqlarda Oloy bozorida 1989-yilda olingan videotasvir tarqaldi. Toping.uz muharrirlari savdo kompleksining avvalgi va hozirgi koʻrinishi solishtirish maqsadida maqola tayyorladi.
Bozor nega Oloy deb nomlangan?
Oloy dehqon bozori Toshkentning eng mashhur va eski bozorlaridan biridir. Oloy bozori tarixi juda uzoq, yaʼni Markaziy Osiyo yerlaridan Buyuk Ipak yoʻli oʻtgan davrlarga borib taqaladi. Oloy soʻzi Oloy togʻi nomidan kelib chiqqan.
XII-XIX asrlarda Oloy togʻi yonbagʻrilari savdo-sotigʻi bilan mashhur boʻlgan. Xususan, mahalliy aholi, shu yerlarda yashagan qozoq, qirgʻiz, oʻzbek va tojik xalqlari savdo qilishgan. Ular ziravorlar, kulolchilik buyumlari, shoyi matolar, meva hamda mabzavotlar bilan savdo qilishgan. Shu davrlardayoq ovrupacha qurilish tipidagi bozor shakllana boshlagan va Oloy bozori mamlakatdagi eng ommabop bozor hisoblangan.
1950-yillar savdo-sodiq qulayligini koʻzlab, doʻkonchalar qurilishi uchun yerlar ajratila boshlangan. Bu qurilishlar oq gʻishtdan boʻlgan. oradan oʻn yillarcha oʻtgach, bozor maydonida ikki qavatli goʻsht bozori bunyod etilgan. Hozirda Oloy bozorida 2000 ga yaqin doʻkon mavjud. Bozor meva va sabzavotlar, tuzlamalar, ziravorlar, sut va sut mahsulotlari, va albatta, xushboʻy gullarga serobdir. Oloy bozori savdogarlari sizlarni har doim iliq kutib olishadi va siz yaxshi bozorlik va koʻtarinki kayfiyatda bozordan chiqib ketasiz.
Bozor joylashuvi va maydoni
Bozorga 1928-yilda asos solingan. Bir necha marta taʼmirlangan, oxirgi marta “Tashgiprogor” loyiha instituti tomonidan tayyorlangan loyiha asosida 1993-yilda toʻla taʼmirdan chiqqan. 2006-yilda esa 250 savdo oʻrinli hoʻl mevalar sotish rastasi rekonstruksiya qilindi, 72 ta gul savdo doʻkonlari, 2007-yil issiq non yopib beruvchi novvoyxona qurildi.
Bozor yaqinida Abdulla Qodiriy va Yunus Rajabiy metro bekatlari, bosh pochta markazi, Dedeman silk Road Tashkent mexmonxonasi, Ucell va Mobiuz aloqa operatorlari, “Toshshahartransxizmat” uyushmasi bor. Bozorning janubiy qismida Usmon Nosir koʻchasi, gʻarbiy qismida Amir Temur koʻchasi joylashgan.
Oloy dehqon bozori Toshkent shahrining Yunusobod tumani Amir Temur koʻchasi 40-uy manzilida joylashgan bulib, u 7,8 gektar maydonni egalaydi. Bozor hududida umumiy savdo joylari 1200 ta boʻlib, shundan dexqon, tadbirkorlarning qishloq-xoʻjaligi maxsulotlari bilan savdo qilishi uchun 1142 ta joy va goʻsht mahsulotlari uchun 58 ta joylar ajratilgan.
Bozorning avvalgi va hozirgi koʻrinishi
Taʼkidlab oʻtish joiz, 1986-yilda germaniyalik suratkash Xans Piter Gramp Oloy bozorida boʻlib, bu yerda bir qancha fotosuratlar tushirgan. Bu bozorning zamonaviy tarixdagi ilk fotosuratlari hisoblanadi.
Shundan soʻng bozor bir necha marotaba videoplyonkaga ham tasvirga olingan. Bu tasvirlar doim u yoki bu ijtimoiy tarmoqlardagi jamiyatlarda tarqalib turadi. Bu orqali bozorning 30 yillar oldin qanday boʻlganini bilib olish mumkin.
Albatta, har bir zamonning oʻziga xos meʼmoriy yechimlari bor. Va barcha xizmat koʻrsatish obyektlari shu talabga mos ravishda qayta taʼmirlanib boriladi. Oloy bozori bu borada chempion deyish mumkin. U tashkil etilganidan beri juda koʻp marotaba taʼmirlangan. Hozirda bozorning eski qiyofasi deyarli saqlanmagan.
Saytimiz jamoasi bir necha kun oldin Oloy bozoridagi narx-navolarni oʻrganib chiqqandi. Taʼkidlash kerak, ushbu bozor poytaxtdagi eng qimmati hisoblanadi. Undagi har bir mahsulot boshqa bozorlardagidan anchagina qimmat. Ammo shu bilan birga, barcha mahsulotlar oʻz sifati bilan boshqa joylarnikidan ajralib turadi.