Bir oila yangi uyda suratga tushishga qaror qildi, ammo bu dahshatli voqeaga aylandi. O‘tmishdagi sirli surat hikoyasi
“Kuperlar oilasining arvohi” deb nomlangan dahshatli va mistik surat 2009-yil — tasvirga olinganidan 59 yil o‘tgach shov-shuvga aylandi. O‘shanda jamoatchilik fikri ikkiga bo‘lindi: kimdir voqeaga ishondi, kimdir buni yolg‘on deb atadi. Ammo fakt shuki, u o‘tmishdagi eng sirli suratlardan biridir
Oq-qora rangli ushbu surat 50-yillarda, AQShning Texas shtatida olingan. Unda yangi uyga endigina ko‘chib o‘tganini nishonlashga qaror qilgan Kuperlar oilasi tasvirlangan. Suratni olishdan maqsad kelajak avlod uchun esdalikka qoldirish bo‘lgan. Biroq kadrga boshqa narsalar ham muhrlangan.
Kuperlarning sirli suratida nima tasvirlangan?
Bir qarashda, juda oddiy tasvir: Kuper xonim, ikki bolakay va bir qarindoshi (yoki buvisi). Janob Kuper fotograf rolida kadr ortida qolishni afzal ko‘rgan. Suratga olish vaqtida hech kim hech qanday g‘alati narsani payqamagan, ammo surat chiqarilgach, rasmda qandaydir g‘alati narsalar sodir bo‘layotgani ayon bo‘lgan.
Kutilmaganda suratda boshqa bir personaj – shiftdan osilgan qorong‘i sharpa paydo bo‘lgan. Diqqat bilan qarasa, unda oq ko‘ylak kiygan arvohning yuzini ko‘rish mumkin.
Bu arvohdan tashqari, suratdagi o‘g‘il bolalardan birining tizzasi tushunarsiz katta qora dog‘ bilan qoplagan. Buni mantiqan tushunish juda qiyin: u atayin soxta ravishda qo‘yilgan desak, buning nima keragi bor edi?
Surat haqida fotograf va mutaxassislar nima deydi?
Mistifikatsiya Muzeyi mutaxassislari rasm birinchi marta tarmoqda “san’at” toifasida Sem Govan ismli kishi tomonidan ulashilgan. Bir necha oy o‘tgach esa, bu kadr paranormal tasvirlar bilan saytlarda ko‘rina boshlagan.
Professional fotograflarning ta’kidlashicha, rasm haqiqiy emas va umuman g‘alati ko‘rinishga ega. Ularning fikricha, asosiy eʼtibor oilaga qaratilishi kerak edi, ammo tushunarsiz sabablarga koʻra tasvir sirli shaxsga qaratilgan, go‘yo uning “to‘satdan paydo bo‘lishi” oldindan ma’lum bo‘lganday.
Sirli suratning yana bir izohi bor. Unga ko‘ra, kadrdagi barcha “g‘alatiliklar” suratga olish davridagi kamera chaqnashi va yorug‘liklarning soyaga noto‘g‘ri burchak ostida tushgani sabab bo‘lgan deb izohlanadi. Bu eng ishonarli versiyaga o‘xshaydi. Ehtimol, kamera plyonkasi ikki marta yoki ehtimol undan ko‘p ishlatilgan. Birinchi marta Kuperlarning surati, ikkinchi marta esa boshqa narsa tushirilgan. Aynan shu boshqa narsa Kuperlar suratining ustiga tushib qolib, hammani vahimaga solgan mistik ko‘rinish bergan bo‘lsa, ajab emas.
Ammo noma’lum shaxsning pastga qarab osilgan g‘ayritabiiy pozasi suratning paranormal versiyaga ishonish uchun yaxshigina dalildek tuyuladi.
Voqealarning kutilmagan rivoji va noaniq natija
2015-yil forumlardan birida Robert K. taxallusli shaxsdan munosabat e’lon qilindi. Erkakning aytishicha, ushbu suratda u va uning ukasi tasvirlangan. Ammo ularning familiyasi Kuper emas, Kopper ekani va fotosurat yaxshigina tahrir qilinganini aytgan.
Robertda aynan shu surat yo‘q, ammo u tafsilotlari ham, boshqa belgilari ham juda o‘xshash fotosuratlarni ommaga taqdim etgan. Ammo bu haqiqatmi yoki Robert shunchaki bu shov-shuv yordamida mashhur bo‘lishga harakat qilganimi, aniq emas. Mistik suratning siri esa hamon fosh qilinmagan sanaladi.