РУ
O’Z
UZS
/
/
Bokschi Bahodir Jalolov Olimpiada finaliga chiqdi
08.08.2024

Bokschi Bahodir Jalolov Olimpiada finaliga chiqdi

Bokschi Bahodir Jalolov Olimpiada finaliga chiqdi

Oʻzbekistonlik bokschi Bahodir Jalolov germaniyalik raqibini ishonchli tarzda magʻlubiyatga uchratib, Parij Olimpiadasi finaliga yoʻl oldi. U Olimpiada oʻyinlarida oltin medal uchun jang qiladigan toʻrtinchi oʻzbekistonlik bokschi boʻlmoqda.

8-avgust kuni boʻlib oʻtgan jang yakunlariga koʻra, Oʻzbekiston terma jamoasi bokschisi Bahodir Jalolov Parijdagi Olimpiya oʻyinlari finaliga chiqdi.

92 kg dan yuqori oʻta ogʻir vazn toifasi yarim finalida 2020-yilgi jahon va Olimpiada chempioni Bahodir Jalolov 2022-yilgi Yevropa chempioni va 2023-yilgi jahon chempionatida bronza medali sohibi boʻlgan kelib chiqishi kamerunlik nemis bokschisi Nelvi Tiafak bilan jang qildi.

Jalolov uzun qoʻllari va baland boʻyi tufayli masofani nazorat qildi va oʻng qoʻli bilan aniq zarbalar berdi. Oʻzbekistonlik uch raundning barchasida 5:0 hisobini qayd etdi. Finalda u Jamili-Dini Abudu (Fransiya) — Ayyub Gadfa (Ispaniya) juftligi gʻolibiga qarshi bahs olib boradi.

Shu tariqa Bahodir Jalolov Hasanboy Doʻsmatov (51 kilogrammgacha), Lazizbek Mullojonov (92 kilogrammgacha) va Asadxoʻja Moʻydinxoʻjayevdan (71 kilogrammgacha) keyin finalga chiqqan toʻrtinchi oʻzbekistonlik bokschi boʻldi. Hali yana bir bokschi Abdumalik Xalokov yarim final jangini oʻtkazishi kerak.