РУ
O’Z
UZS
/
/
Bu multfilmlar ruhiyatni buzadi. Psixolog bilan yaxshi va yomon multfilmlar haqida suhbatlashdik hamda eng yaxshi 10ta top multfilm tanladik
05.11.2024 (yangilandi 05.11.2024)

Bu multfilmlar ruhiyatni buzadi. Psixolog bilan yaxshi va yomon multfilmlar haqida suhbatlashdik hamda eng yaxshi 10ta top multfilm tanladik

Bu multfilmlar ruhiyatni buzadi. Psixolog bilan yaxshi va yomon multfilmlar haqida gaplashdik va eng yaxshi multfilmlar ro‘yxatini tuzdik

Barchamiz multfilmlar bolalar uchun o‘yin-kulgi turlaridan biri va uni band qilishning eng oson yo‘li ekaniga ishonishga odatlanganmiz. Ammo buni yaxshilab tahlil qilsangiz, hammasi ancha murakkab. Multfilmlar bolaning ruhiyati shakllanishida katta hissa qo‘shadi va hatto bilim beradi, shuning uchun multfilmlar ham foydali, ham zararli bo‘lishi mumkin. Bolalar psixologi va art-terapevt Venera Bogdalova bilan multfilmlarning mohiyatini oshkor qildik va bola bilan tomosha qilishga arziydigan eng yaxshi multfilmlar ro‘yxatini tuzdik

Bolaning ruhiyatini, xulq-atvorini shakllantirishda multfilmlar muhim rol o‘ynaydimi? 

“Ha, shubhasiz, multfilmlar bolalarga ta’sir qiladi. Bolalar tomosha qiladigan hamma narsalarni o‘zlashtiradi, qahramonlarning xulq-atvor modellarini o‘zlariga qabul qiladi. Bu qahramon ijobiy xarakterga ega bo‘lsa yaxshi, lekin ba’zan antagonist (yovuz personaj) bo‘lishi ham mumkin. Shunday yovuz qahramonning niqobini o‘zida sinab ko‘rgan bola, bu bilan qanday kurashishni bilmaydi.” 

Qanday multfilmni zararli deb hisoblaash mumkin?

Bunga misol keltirishda “Skibidi-tualet” darhol esga tushadi. Aytishim mumkinki, hatto bir nechta epizodlarni tomosha qilgandan so‘ng, bolalar yomon tomonga o‘zgaradi, tajovuzkor, qiziqqon va boshqarib bo‘lmaydigan bo‘ladi. 

Tajribamda bir ona farzandiga ushbu serialni tomosha qilishni taqiqlagan holat bo‘lgan. Bola esa norozilik bildirib, baqira boshlagan va har tomonlama tajovuzkorlik ko‘rsatgan. Bolada bu multfilmga juda kuchli o‘rganib qolish hissi bo‘lgan. Bu juda achinarli holat. 

Yana bir holat: bir bola ushbu serial syujetlari – unitazdan chiqqan boshlar, yuz o‘rniga ekran chizilgan odamlarni chiza boshlaydi. Unga bu suratlar qiziq va kulgili ko‘rinar, boshqa bolalar esa buni tushunmay, undan o‘zlarini olib qochgan. Bu bola ruhiyatni buzib, uni boshqalardan ajralib qolishiga, ijobiy bo‘lmagan hayolot dunyosiga tushib qolishiga olib keladi.” 

“Skibidi-Tualet” nima? 

“Skibidi toilet” rossiyalik bloger Andrey Gerasimovning mini-serialidir. U ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, YouTube’da million martalab tomosha qilingan. Bu esa blogerni “Skibidi”ning ikkinchi mavsumini yaratishga undadi: u yerda unitaz boshlilar kameraboshlilar bilan o‘qotar qurollar bilan urushadi. 

Ko‘rsatuvda hech qanday dialog yo‘q, epizodlar 1 daqiqadan ko‘p davom etmaydi. Syujet markazida inson boshli unitazlar bo‘lib, ular pop qo‘shiqchi Nelly Furtado va bolgariyalik san’atkor Biser Kingning miks qo‘shig‘ini “Skibidi Dop Dop Yes Yes” qatorini qayta-qayta kuylaydi. 

“Skibidi-tualet” bolalarni nimasi bilan o‘ziga rom etadi? Dinamikasi va oddiy syujeti, g‘alati personajlar va xaotik surati bilan bo‘lsa kerak. Bularning barchasi, albatta, bolaning rivojlanishi uchun emas, aksincha, uning zombilanishiga olib keladi. Ko‘plab psixologlar aynan shunday fikrga keldi. 

Yaxshi multfilmlar – ular qanday?

“Avvalo, ota-onalarga bolalar bilan birgalikda multfilmlarni tomosha qilishni tavsiya qilardim. Yoki hech bo‘lmaganda, ayniqsa kechqurun va ta’tilda ular nimani tomosha qilayotganlarini nazorat qilishni tavsiya qilaman. Multfilm tanlashda quyidagilarga e’tibor berish kerak:

  • Surat. Aniqroq qilib aytganda, multfilmda kadrlar qanchalik tez o‘zgarishi. Ekrandagi juda ham tez sur’atda o‘zgaradigan kadrlar va ortiqcha dinamika nafaqat bolaning ko‘rish qobiliyatiga, balki uning ruhiyatiga ham yomon ta’sir ko‘rsatadi.
  • Syujet. Qahramonlar nima haqida gapiradi? Ularning maqsadi nima, ular nimalar sari yetaklayapti. Ta’limiy multfilmlarni tanlang, shuningdek bolaning boshqalarning his-tuyg‘ularini qalban sezib, ularga ijobiy javob berishga undaydigan multfilmlarni tanlang. 

Birga tomosha qilgandan keyin bolaga savollar berish, muhokama qilish yaxshi. Masalan: Qaysi qahramon senga ko‘proq yoqdi? Uning qaysi xarakter xislatlari senga ko‘proq yoqdi?”

Bolaga salbiy qahramon yoqsa, nima qilish kerak? 

“Bu holda kattalar quyidagi savolni berishi mumkin – nega aynan shu qahramon? Agar u kurashsa (masalan, Halk kabi) va hammani mag‘lub etsa, u holda yana bir savol tug‘iladi – nima uchun? Fikrlashga yordam bering. Balki u kimnidir qutqarar? Nega unga bu kuch kerak? Kattalardan biror kim bolaga buni tushunishiga yordam berishi va faqat jang qilgani uchun yoqtirish kabi fikrlardan uzoq bo‘lishiga yordam berish lozim”. 

Multfilmlarni tomosha qilishni necha yoshda boshlash kerak? 

“Qancha kech bo‘lsa, shuncha yaxshi. Umuman olganda, 3 yoshgacha multfilmlarni ko‘rsatish befoyda, bolani boshqa o‘yin va rivojlanish ishlariga jalb qilish va to‘g‘ri o‘rnak ko‘rsatgan ma’qul. 

Agar ota yoki ona doimo gadjetlarda yoki televizor oldida o‘tirsa, bola ularining xulq-atvoridan nusxa olib, taqlid qilishni boshlaydi. Bolalarga iloji boricha eng yaxshi ko‘nikmalarimizni o‘tkazishga harakat qilaylik: agar ona pishirishni yaxshi ko‘rsa, piroglarni birga pishiring, agar ota velosipedda yursa, oilaviy velosiped sayrga chiqing. 

Esingizda bo‘lsin, ota-onalarga qiziqarli bo‘lgan narsalarga bola ham qiziqadi”

Yaqinda his-tuyg‘ular haqidagi “Boshqotirma 2” multfilmining premyerasi bo‘ldi. Bu multfilm tomosha qilishga arziydimi? 

“Ha, tomosha qilishingiz mumkin, ammo katta yoshdagi bolalar uchun va, aytib o‘tganimizdek, ota-onalar nazorati ostida. Ko‘rish jarayonida turli savollar berish, barcha qahramonlar, his-tuyg‘ularni muhokama qilishga harakat qiling. Men buni ko‘rish kerak bo‘lgan multfilm deb ayta olmayman, lekin taqiqlamayman ham.” 

Multfilmlarni kuniga necha daqiqa tomosha qilish kerak?

“Bu ko‘rsatkich yoshga qarab farqlanadi. 3-5 yoshli bolaga multfilmlarni kuniga bir nechta seanslarga bo‘lgan holda, maksimal 20 daqiqa davomida ko‘rsatishni tavsiya qilaman. Agar katta yoshdagi bolalar (5-7 yosh) haqida gapiradigan bo‘lsak, unda vaqt ko‘payishi mumkin – masalan, 1 soatgacha.  Shu o‘rinda, bugungi kunda dolzarb bo‘lgan muhim muammoni yoritib o‘tmoqchiman. 

Ko‘pchilik onalarda televizorni yoqib, kun bo‘yi ko‘rsatib yotish odati bor. Ota-onalar shu tarzda bola ekran va real hayot o‘rtasida qolganini, bola bu yerda ham, u yerda ham emasligini tushunmaydi.

Keyinchalik bolaga ijtimoiylashish, biror ish bilan shug‘ullanish, biror narsani yaratish juda qiyin bo‘ladi. Shuning uchun televizorni fon rejimida qo‘ymang. Bola bilan uni rivojlantirishga yordam beradigan biror narsalar yasang, birga o‘ynang, chizing.” 

Multfilm tomosha qilgan holda bolani ovqatlantirish mumkinmi? 

“Yo‘q, bu umuman taqiqlangan. Haftada kamida bir marta butun oila davrasida o‘tirib ovqatlanish kabi oilaviy an’analarni yaratish kerak. Dasturxon atrofida mehrli oilaviy mavzularda suhbatlashish yoki qoida bo‘yicha jim o‘tirib ovqatlanish mumkin. Aynan ana shunday hollarda bola oilaning qadrini anglay boshlaydi.” 

Qiziqarli multfilmlar 

 “Yaxshi multfilmlar bolaning rivojlanishi, his-tuyg‘ularini anglashi, atrofdagi dunyoni qabul qilishi va qadrlashiga yordam beradi”, deydi mutaxassis. 

Psixolog bilan birgalikda bolalar bilan ko‘rish uchun eng yaxshi 10 ta multfilmni tuzdik. Saqlang va yo‘qotmang.

Mira va Gosha haqida (4 yoshdan) 

Hissiy intellekt uchun. Ushbu multfilmlar to‘plami bolaga oila bilan yaxshi munosabatlar qurishni o‘rgatadi va u nafaqat bolalar, balki ota-onalar uchun ham foydali bo‘ladi: unda o‘zingiz va bola ruhiyatiga shikast yetkazmasdan, qiyin vaziyatlardan oqilona chiqishning yaxshi namunalari mavjud. 

Flora jamoasi (4 yoshdan) 

Tabiat va ekologiyaga bo‘lgan muhabbatning rivojlanishi uchun. Asosiy qahramon Flora va uning do‘stlari sayyorani o‘rganadi, atrof-muhit muammolari bilan tanishadi. Multfilm nima uchun atrof-muhitni muhofaza qilish, sayyoramizni toza va to‘g‘ri saqlash kerakligi haqida aniq tushuncha beradi.

Professor Pochemushkin (4 yoshdan) 

Umumiy rivojlanish uchun. Bolalar hayotining ilk yillarida paydo bo‘ladigan eng muhim (va ba’zan qiyin) savollarga javob topish mumkin bo‘lgan entsiklopediya-seriali. 

Buyuk tabiat ensiklopediyasi (4 yoshdan) 

Hayvonot olami bilan tanishish uchun. Fauna haqida multfilm bo‘lib, u yerda hayvonot dunyosi yaxshi tushuntirilgan va ko‘rsatilgan. Tabiat va kichik aka-ukalarimizni qadrlash, sevish va g‘amxo‘rlik qilishni o‘rgatadi. 

Mikropolis (4 yoshdan) 

Shaxsiy gigiyena haqida. Shunisi qiziqki, multfilmning asosiy qahramonlari inson oshxonasida yashirin hayot kechiradigan va u yerda haqiqiy shahar qurib olgan mikroblardir! Farzandingizga gigiyena qoidalarini tanishtirish, shuningdek, ularni bakteriyalar dunyosi bilan tanishtirishning ajoyib usuli. 

Poznovalov jamoasi (5 yoshdan) 

Yomon odatlar haqida. Yomon odatlar: spirtli ichimliklar, chekish, gadjetlarda doimiy o‘tirish va ularning hayotga salbiy ta’siri haqida ma’lumot beruvchi multserial. Bolalar uchun juda foydali bo‘ladi. 

Fiksiklar (5 yoshdan) 

Texnika va texnologiya haqida. Ushbu multserial texnogen dunyoda hamma narsa qanday ishlashini oson tarzda tushuntiradi. Fiksik-qahramonlar bilan bolalar tanish narsalar haqida juda ko‘p yangi va qiziqarli narsalarni o‘yin-kulgi tarzida o‘rganadilar, texnologiyadan ehtiyotkorlik bilan va xavfsiz foydalanishni bilib oladilar. 

Sayohatchi Dora (5 yoshdan) 

O‘yin shaklida ta’lim olish. Yuqori sifatli fikr-mulohazalarga ega, juda qulay bo‘lgan interaktiv multfilm. Raqamlar, ingliz tilini o‘rganishga yordam beradi va bolani har tomonlama rivojlantiradi. 

Ember bilan xavfsizlik haqidagi darslar (4 yoshdan) 

Dunyodagi xavfsizlik qoidalari haqida. Multserialda har bir bola bilishi kerak bo‘lgan xavfsizlik qoidalari haqida hikoya qilinadi va o‘zini uyda, shaharda, dunyoda qanday tutishni o‘rgatadi. 

Bola, krot, tulki va ot 

Voyaga yetgan va foydali qadriyatlar bilan tanishish uchun. Multfilm muhabbat, biror kim yoki narsani shartsiz qabul qilish va qo‘llab-quvvatlash qadriyatlarini shakllantiradi. Voyaga yetishga tayyorgarlik ko‘rish, hamdardlikni shakllantirish uchun yordam beradi. Ayniqsa uni 1-sinfga borishdan oldin bolaga ko‘rsatish yaxshi.