РУ
O’Z
UZS
/
/
Dam olish kunlari harorat pasayishi kutilmoqda
12.07.2024

Dam olish kunlari harorat pasayishi kutilmoqda

Dam olish kunlari harorat pasayishi kutilmoqda

Dam olish kunlari Oʻzbekiston hududiga Volga boʻyidan nisbatan salqin va nam havo kirib kelishi kutilmoqda. Harorat +30…+35 darajagacha pasayadi. Ayrim joylarda biroz yomgʻir yogʻishi va momaqaldiroq boʻlishi mumkin.

Dam olish kunlari Oʻzbekiston hududiga Volga boʻyi hududlaridan nisbatan salqin va nam havo kirib kelishi kutilmoqda, deya xabar berdi Oʻzgidromet agentligi matbuot xizmati.

Juma kuni kechqurun Toshkent viloyatida baʼzi joylarda biroz qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin. Havo harorati +35…+38 daraja atrofida, janubda va choʻl hududlarda +39...+42 darajagacha boʻlishi saqlanib turadi.

Shanba kuni kechasi va ertalab Toshkent viloyati va Fargʻona vodiysi viloyatlarida baʼzi joylarda biroz yomgʻir yogʻishi mumkin. Shuningdek Ustyurt hududlari boʻyicha qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi mumkin.

Yakshanba kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Toshkent, Sirdaryo viloyatlari va Fargʻona vodiysi viloyatlarida qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi va momaqaldiroq boʻlishi kutilmoqda. Shuningdek ayrim togʻ oldi va togʻli hududlarda qisqa muddatli yomgʻir yogʻadi va momaqaldiroq boʻladi.

Respublikaning qolgan hududlarida dam olish kunlari yogʻingarchilik kutilmaydi. Havo harorati 13−14-iyul kunlari +30…+35 darajagacha, janubda +36…+39 darajagacha pasayadi.

Shamol 7−12 m/s tezlikda esadi, baʼzi joylarda 13−18 m/s gacha kuchayadi, ayrim joylarda baʼzida 18−23 m/s gacha kuchayishi, chang-toʻzonlar bilan kuzatilishi mumkin.

Toshkent shahrida juma va shanbaga asosan yogʻingarchiliksiz ob-havo boʻlishi kutilmoqda, faqat 12-iyul kuni kechqurun, shuningdek 13-iyulda kechasi va ertalab shahar boʻyicha baʼzi joylarda biroz qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin.

Yakshanba — 14-iyul kuni qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin. Shamol 3−8 m/s tezlikda esadi, momaqaldiroq paytida 10−13 m/s gacha kuchayadi. Shanba va yakshanba kunlari +32…+34 daraja boʻladi.