Dam olish kunlari harorat biroz pasayadi
Oʻzbekistonda dam olish kunlari nisbatan salqin ob-havo kuzatiladi: harorat kunduzi +33…+38 daraja atrofida boʻladi. Ayrim togʻli hududlarning baʼzi joylarida qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi mumkin.
Dam olish kunlari nisbatan salqin havo respublikaning barcha hududlariga tarqaladi.
Juma kuni kunduzi Oʻzbekiston hududining katta qismida juda issiq ob-havo saqlanib turadi, havo harorati +40…+42 daraja, janubida baʼzi joylarda +45 darajagacha boʻladi.
Faqat shimoli-gʻarbiy hududlarga salqin havo kirib kelishi boshlanadi. Hafta oʻrtasida ushbu hududlarda kuzatilgan juda issiq ob-havodan soʻng, bugun Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida kunduz kuni havo harorati +32…+37 darajagacha pasayadi.
Dam olish kunlari havo harorati kunduz kunlari +33…+38 daraja atrofida, respublika janubida +39…+41 darajagacha boʻladi. Bu kunlarda Oʻzbekiston hududi boʻyicha quruq ob-havo saqlanib turadi.
Faqat Toshkent viloyatining va Fargʻona vodiysi viloyatlarining togʻ oldi va togʻli hududlarida baʼzi joylarda qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida ayrim joylarda 11-avgust kuni momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi mumkin.
Shamol 7−12 metr/sekund tezlikda esadi, baʼzi joylarda 15−20 metr/sekundgacha kuchayadi, chang-toʻzonlar bilan kuzatiladi. Toshkent shahrida havo biroz bulutli, vaqti-vaqti bilan oʻzgaruvchan boʻladi, yogʻingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 3−8 metr/sekund tezlikda esadi, vaqti-vaqti bilan 10−14 metr/sekundgacha kuchayishi mumkin.