Dubay kelajak shahri va futuristlar jannati ekanini tasdiqlaydigan 12 ta belgi
Agar kutilgan kelajak kelgan bo‘lsa, unda u Dubayda. Cho‘ldagi osmono‘par binolar, palma ko‘rinishidagi orollar, robotlar va shahar hajmidagi do‘konlar. Bu hali hammasi emas. Biz Dubay kelajak shahri va Yer yuzidagi eng ajoyib joy ekani haqida 12 ta dalil to‘pladik va bu ma’lumotlar dunyoqarashingizni butunlay o‘zgartirishiga ishonamiz.
Kelajak muzeyi
U allaqachon dunyodagi TOP go‘zal muzeylardan biriga aylangan. Bino chindan ham insonni lol qoldiradi: u ko‘z shaklida ishlangan bo‘lib, Yer, Amirliklar tarixi, insoniyat va noma’lum kelajak haqida ko‘plab ma’nolarni yashiradi. Unda raqamli texnologiyalar haqida ham ma’lumotlar mavjud: 1024 ta shisha panel (kilobaytdagi baytlar kabi), innovatsion ekspozitsiyalar, shuningdek, kichkina futuristlar uchun butun boshli bir qavat – u yerda bolalar nafaqat o‘rganishi, balki kelajakka teginib ko‘rishi ham mumkin.
Cho‘ldagi uchrashuvlar
Dubay milliy bog‘ining o‘rtasida “Sonara Camp” qarorgohi joylashgan bo‘lib, u yerda istagan odam yo‘ltanlamas mashinada qumtepalar bo‘ylab sayr qilishi, hashamatli chodirda dam olishi va kun botishini kutib olishi mumkin. Agar siz uzoq vaqtdan beri original uchrashuv uchun yangicha g‘oya izlayotgan bo‘lsangiz, qarorgohning tashkilotchilari sizga tuya minish, kamondan o‘q otib, keyin ochiq, yulduzli osmon ostida kechki ovqatdan bahramand bo‘lishni taklif qiladi.
“O‘zga galaktikada” meditatsiyasi
Dubayda immersiv ko‘rgazmalar tufayli bir necha daqiqada real dunyodan “chiqib ketish” mumkin. Bunday ko‘rgazmalardan biri 12 zonadan iborat ajib yangi dunyo deb ta’riflanadigan “AYA” san’at maydonida bo‘lib o‘tadi. U yerda kosmik bog‘lar va g‘orlarni ko‘rishingiz, boshqa o‘lchamda bo‘lishingiz, yorug‘likdan musiqa yaratishingiz va tortishish kuchini his qilishingiz mumkin. Eng qizig‘ini ijodkorlar desertga qoldirgan – bu meditatsiya zali bo‘lib, u yerda siz yulduzlar ostidagi kosmik maysalarda yotib, ko‘rgan kechinmalarni idrok qilishingiz mumkin.
Suv ostidagi megapolis
Barcha dayverlar va hamma narsani “eng zo‘ri”ni qilib ko‘rishni yaxshi ko‘radiganlarga mos keladigan Dubayning diqqatga sazovor joylaridan biri – dunyodagi eng chuqur “Deep Dive” hovuzidir. Bu suv ostida joylashgan 60 metrli megapolis bo‘lib, unda qimmatbaho avtomobillar, hashamatli mebellar va boshqa qulay sharoitlar mavjud. Bu yerda har bir kishi suv dunyosiga sho‘ng‘ishi mumkin (yagona sharti — suvda qola olish), basseyn juda xavfsiz, bundan tashqari ko‘plab kameralar va tajribali instruktorlar mavjud.
Restoranlar o‘rniga immersiv teatrlar
Dubaydagi restoranlarning mehmonlariga “Tuyg‘ular ziyofati” va kelajakka sho‘ng‘ish taklif etialdi. Agar siz uchib yuruvchi likopchalar, sehrli shamlar, parilar va tirilgan haykallar davrasida ovqatlanishni istasangiz, “Banquet of Hoshena”ga tashrif buyuring. Agar balandlikdan qo‘rqmasangiz (yoki unutilmas taassurotlar uchun ushbu fobiyani unutishga tayyor bo‘lsangiz), “Dinner in the sky”da joy band qiling. Buning ajablanarli joyi shundaki, kechki ovqat yerdan 50 metr balandlikda yer osti krani yordamida tutib turilgan stolda bo‘lib o‘tadi.
Sun’iy orollar va eng katta rif
Eng mashhur palma shaklidagi orol “Palma Jumeira” bo‘lib, u uzun poya, 16 ta barg shaklidagi kichik orolchalar va yarim oydan iborat (undan dunyoning eng baland binosi — Burj Xalifani tomosha qilish mumkin) va bu hali hammasi emas. Dubay ma‘muriyati eng katta “Dubai Reef” deb nomlanadigan sun’iy rifni yaratishni rejalashtirmoqda. Uni yaratishdan maqsad shahar ekotizimini muhofaza qilish va saqlab qolishdir.
Dubay aholisining bir qismi robotlar
Robotlashtirish – Dubayning asosiy xususiyatlaridan biridir. Shaharda allaqachon robot chiqindi teruvchilar, yonilg‘i shahobchasi xizmatchilari, baristalar, gidlar, politsiya xodimlari va boshqa ko‘plab robotlarni uchratishingiz mumkin. Tez orada esa ular tibbiy xizmatlar sohasida ham paydo bo‘la boshlaydi: masalan, “Arab Health” ko‘rgazmasida shifoxonalar uchun robot taqdim etildi – u oziq-ovqat va dori-darmon olib kelishi, choyshablarni almashtirishi, chiqindilarni qayta ishlashi, umuman olganda uch nafar hamshiraning o‘rnini bosishi mumkin.
3D printerdan yaralgan binolar
3D-printerda chop etilgan dunyodagi birinchi ofis – Dubayda joylashgan. U 2016-yilda paydo bo‘lgan. Binoni qurish uchun uch nafar ishchining qo‘llari va bitta printer kerak bo‘lgan. Aytishlaricha, 2030-yilga kelib bunday binolar yanada ko‘proq – BAA binolarining 25% ni tashkil etishini va’da qilishmoqda.
“Hashamatli” bekatlar
Dubay bejizga yer yuzidagi eng boy shahar deb atalmaydi. Chunki shahardagi hamma narsa, hatto oddiy jamoat transporti bekati ham hashamatli qilingan. Odamlar endi avtobusni kutib turganda issiqlikdan aziyat chekishiga hojat yo‘q, chunki deyarli har bir bekat konditsioner va namlash tizimi bilan jihozlangan. Ba’zilarida esa oddiy bekatni parfyumeriya do‘koniga aylantiradigan maxsus aroma-avtomatlar mavjud.
Haydovchisiz metro
Dubay metropolitenini dunyoning texnologik ajoyiboti deb atash mumkin – nafaqat stansiyalarining o‘ziga xos futuristik dizayni, balki haydovchisiz poyezdlari tufayli ham hayratlanarlidir. Ha, ular haqiqatan ham haydovchisiz harakatlanadi. Ammo u yerda ham o‘zining qonunlari bor: Dubay metrosida uxlash, ichish va ovqatlanish taqiqlanadi – unda faqat tomosha qilish va hayratlanish kerak.
Shahar kabi ulkan savdo do‘konlari
Dubaydagi savdo markazlari ham kelajak tilida "gaplashadi" — axir ularning ko‘lami butun boshli shaharlar bilan taqqoslanadi. Ular ichida eng ulkani (maydoni 1 million kvadrat metr) minglab butiklar va do‘konlar, akvarium, fontan va boshqa g‘ayrioddiy detallar va obyektlarga ega bo‘lgan “Dubay Mall”dir.
Kelajak transporti
Yaqin yillarda hukumat Dubay va Abu-Dabini bogʻlaydigan kelajakning inqilobiy transport tizimi boʻlgan “Hyperloop”ni ishga tushirmoqchi. Yo‘lovchilarni A nuqtadan B nuqtagacha vakuumli poyezd yetkazib beradi, yo‘l vaqti esa maksimal 12 daqiqa davom etadi. Aytgancha, ko‘p milliard dollarlik ushbu super-loyiha “Space X” yaratuvchisi va yer yuzidagi eng boy odam Ilon Maskning g‘oyalariga asoslanadi.