Dunyo ketma-ket ikkinchi yil rekord darajadagi eng issiq yozni boshdan kechirdi
Oʻtgan uch oy — iyun, iyul va avgust — tarixdagi eng issiq davrga aylandi. Sayyorada ketma-ket ikkinchi yil anomal issiq yoz qayd etilmoqda.
2024-yilning yozi Shimoliy yarimshar tarixidagi eng issigʻi boʻldi, deb xabar bermoqda CNN 1940-yildan buyon hisob-kitoblar olib borayotgan Yevropa iqlim xizmati Copernicus maʼlumotlariga tayanib.
Copernicus kuzatuvlariga koʻra, iyundan avgustgacha boʻlgan davr 1991-yildan 2020-yilgacha boʻlgan yoz davriga nisbatan 0,69 daraja issiqroq va oʻtgan yozda oʻrnatilgan avvalgi maksimaldan 0,03 daraja yuqori boʻlgan.
Oʻtgan avgust, shuningdek, sayyora tarixidagi eng issigʻi boʻldi. Oʻrtacha global harorat 16,82 darajani tashkil etdi, bu sanoatgacha boʻlgan 1850−1900-yillar avgustlaridan 1,51 daraja issiqroq.
Umuman olganda, 2023-yilning sentyabridan 2024-yilning avgustigacha boʻlgan 12 oy eng issiqlari boʻldi. “Bu rekord haroratlar ketma-ketligi 2024-yil rekord darajadagi eng issiq (kalendar) yil boʻlishi ehtimolini oshiradi”, — dedi Copernicus direktori oʻrinbosari Samanta Berjess.
Oʻzbekistonda ham bu yil yoz fasli meʼyordan issiqroq boʻldi, ammo rekord koʻrsatkichlar kuzatilmadi, deb xabar berdi Oʻzgidromet. Yozning barcha uch oyi meʼyordan iliqroq boʻldi va iyun respublikaning koʻpchilik viloyatlarida meʼyorga nisbatan eng iliq boʻldi.
Global haroratning oʻzgarishiyb bir qator faktorlar, jumladan, Tinch okeanining isishiga olib kelgan El-Ninyo hodisasi kabi tabiiy va qazib olinadigan yoqilgʻining yonishi — iqlim inqirozining asosiy sababi bilan bogʻliq texnogen omillar yuzaga keltirmoqda.