РУ
O’Z
UZS
/
/
Dunyodagi eng kichik qamoqxona: u qayerda joylashgan?
03.09.2024

Dunyodagi eng kichik qamoqxona: u qayerda joylashgan?

Dunyodagi eng kichik qamoqxon: qayerda joylashgan?

‘‘Qamoqxona” so‘zi xayolingizda qanday manzarani gavdalantiradi? Tikanli sim o‘ralgan baland beton devor, vahshiy qo‘riqchi itlar, qurollangan soqchilar — shubhasiz, shunga o‘xshash bir narsa ko‘z oldingizga keladi. Biroq Sark orolidagi qamoqxona butunlay boshqacha ko‘rinishga ega. Bino qamoqxonaga o‘xshamaydi va atigi ikki mahbusga mo‘ljallangan. Shunday bo‘lsa-da, bu yerda hatto qurolli davlat to‘ntarishiga urinish tashkilotchisi ham saqlangan – to‘g‘ri, aslida voqea eshitilganidek ulkan miqyosda bo‘lmagan.

Rohiblar va qaroqchilar oroli

Shunday taxmin borki, Sark orolini xaritada har qanday geograf ham ko‘rsata olmasligi mumkin, oddiy odamlar haqida-ku gapirmasa ham bo‘ladi. Bu Buyuk Britaniya va Fransiya oralig‘idagi La-Mansh bo‘g‘ozida joylashgan juda kichik quruqlik bo‘lib, Normandiya orollari guruhiga kiradi. Quruqlik Fransiya sohiliga yaqinroq joylashgan, ammo rasman Britaniya tasarrufida.

XVI asrgacha bu yerda deyarli hech kim yashamas, faqat ba’zan rohiblarning maskanlari paydo bo‘lardi. Quruqlikdan uzoqligi, kichik o‘lchami va aholining yo‘qligi qaroqchilarni o‘ziga jalb etdi. Ular Sarkni o‘z bazalari sifatida ishlatdi: savdo kemalariga yangi hujumlarni rejalashtirdi, dam oldi, o‘g‘irlangan mollarni saqladi. Shu sababli qirolicha Yelizaveta I hatto orolga askarlar yuborishga majbur bo‘ldi. Ular qaroqchilarni haydab chiqarib, ularning yana quruqlikka qaytib kelishlariga yo‘l qo‘ymadi.

Asrlar davomida aholi soni taxminan bir xil – 500-600 kishi atrofida saqlanib kelmoqda. XIX asr o‘rtalarida mahalliy hokimiyat har bir aholi punkti uchun majburiy bo‘lgan binolardan (tibbiyot punkti, maktab, ma’muriyat, o‘t o‘chirish bo‘limi, politsiya) tashqari, orolga qamoqxona ham kerakligini angladi. Albatta, bunday kam sonli aholi va cheklangan resurslarni hisobga olgan holda hech kim to‘laqonli ‘‘qamoqxona zonasi” qurmasdi.

Kichkina va quruqlikdan uzoqda joylashgan oroldagi hayot materikdagidan keskin farq qiladi: bunday joylarda deyarli hamma bir-birini taniydi va jinoyat qilishning ma’nosi yo‘q. Aytgancha, orolda avtomobillar taqiqlangan, shuning uchun yo‘l harakati qoidalarini jiddiy buzib, buning ortidan ‘‘bir kecha-kunduzga” qamoqqa tushish imkonsiz. Bundan tashqari, mahalliy qonunlar odamni ikki sutkadan ortiq hibsda saqlashga ruxsat bermaydi – agar jinoyat jiddiy bo‘lsa, aybdor kattaroq Gernsi orolidagi axloq tuzatish muassasasiga yuboriladi.

Qamoqxona va uning ‘‘doimiy mehmonlari”

Bino kichkina uycha ko‘rinishida bo‘lib, faqat derazalarning yo‘qligi bu oddiy turar joy emasligini anglатadi. Xona ikki kameraga bo‘lingan; har birida yotоq bor va... aslida shundan boshqa hech narsa yo‘q. Qamoqxona 1856-yilda qurilgan va o‘shandan beri Sark qonunbuzarlarini jo‘natadigan yagona joy hisoblanadi.

Bino o‘z vazifasi bo‘yicha kamdan-kam hollarda ishlatiladi, lekin shunday voqealar ham bo‘lib turgan. Masalan, bir safar bu yerga xo‘jayinining ro‘molchasini o‘g‘irlagan xizmatkor ayolni qamashgan. Qiz derazasiz yopiq joydan shunchalik qo‘rqib ketganki, qo‘riqchilar qamoqxona eshigini ochib qo‘ygan – shunda qonunbuzar to‘g‘ri ko‘chaga qarab ‘‘jazo muddatini o‘tkazib yuborgan”.

Maqolaning boshida tilga olingan davlat to‘ntarishiga urinishga kelsak, voqea 1990-yilda bo‘lgan. Ishsiz yadro fizigi Andre Garde Sarkka keldi va kechasi bu yerni o‘z mulki deb hisoblayotgani va uni bosib olish niyatida ekanini bayon etgan varaqalarni yopishtirdi. Ertalabdan to tushgacha u harbiy kiyimda va yarim avtomat qurol bilan orol bo‘ylab aylanib yurdi.

Suiqasdchini zararsizlantirishda mahalliy konsteblning ayyorligi qo‘l keldi. U Gardening quroliga qoyil qolib, stvolni yaqinroqdan ko‘rsatishni so‘radi; omadi yurishmagan ‘‘revolyutsioner” hiylaga qo‘l urganda, qonun xizmatchisi zambarakni olib isyonchini to‘xtatdi. Erkakni qamoqqa solib, keyin fransuz ma’murlariga topshirdi. Umuman olganda, bu Sark qamoqxonasi devorlarida vaqt o‘tkazgan yagona ‘‘haqiqiy” jinoyatchi.

***

Hozirda qamoqxona asosan sayyohlar uchun diqqatga sazovor joy sifatida xizmat qilmoqda, biroq rasman u hali ham faoliyat yuritmoqda. Ko‘pincha bu yerga kechasi spirtli ichimliklarni me’yoridan ortiq iste’mol qilib, o‘zini noma’qul tutayotgan sayyohlarni olib kelishadi. Shuningdek, ba’zan qamoqxona ekstremal tajribani izlayotgan orol mehmonlari uchun tunash joyi vazifasini bajarishi haqida ma’lumotlar ham bor.