Dzyudochi Diyora Keldiyorova Parij Olimpiadasida gʻalaba qozondi
Prezident Shavkat Mirziyoyev sportchi bilan telefon orqali muloqot qilib, uni tarixiy gʻalaba bilan tabrikladi.
Oʻzbekistonlik dzyudochi Diyora Keldiyorova Parij Olimpiadasida oltin medalni qoʻlga kiritidi. U bahslarda bir qancha amaldagi chempionlarni magʻlub etdi.
26 yoshli oʻzbekistonlik dzyudochi bugungi bahslarda dastlab nimchorakfinaldayoq yaponiyalik amaldagi Olimpiada chempioni Ute Abening 5 yillik magʻlubiyatsiz seriyasiga barham berib, turnirdan chiqarib yubordi.
Final uchun bahsda esa Keldiyorova mezbonlar vakili boʻlgan Olimpiada-2020ʼning oltin (jamoaviy) va kumush medali sohibi Amandin Busharni magʻlubiyatga uchratgan edi. Finalda esa kosovalik Olimpiada-2020 chempioni Distriya Krasnichini magʻlub etib, chempion boʻldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Parijda oʻtayotgan yozgi Olimpiya oʻyinlarida dzyudo boʻyicha bellashuvlarning 52 kilogrammgacha vazn toifasida barcha raqibalarini yengib, olimpiya terma jamoamizga birinchi oltin medalni keltirgan Diyora Keldiyorova bilan telefon orqali muloqot qildi.
“Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston tarixida yozgi Olimpiya oʻyinlarida ayollar oʻrtasida birinchi marta chempion boʻlgan sportchi qizimizni tarixiy gʻalaba bilan qizgʻin tabriklab, ota-onasi va murabbiylariga minnatdorlik bildirdi”, — deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Maʼlumot uchun, Diyora Oʻzbekiston tarixida yozgi Olimpiadada oltin medal yutgan ilk ayol sportchi sifatida tarixdan joy oldi. Shu paytgacha ayol sportchilarimizdan faqatgina Yekaterina Xilko Pekin-2008ʼda trampolindan sakrashda bronza medalini qoʻlga kiritgan va ayollar orasida medal olgan yagona sportchi edi.