РУ
O’Z
UZS
/
/
Endi eshak goʻshti ham isteʼmol qilinadigan goʻshtlar qatorida boʻladi
17.09.2024

Endi eshak goʻshti ham isteʼmol qilinadigan goʻshtlar qatorida boʻladi

Endi eshak goʻshti ham isteʼmol qilinadigan goʻshtlar qatorida boʻladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida hayvonlarni identifikatsiya qilish, roʻyxatga olish va kuzatish nazarda tutilgan qonun loyihasi koʻrib chiqildi.

17-sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi oʻtkazildi. 

Unda deputatlar tomonidan bir nechta, jumladan, “Hayvonlarni identifikatsiya qilish, roʻyxatga olish va kuzatish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.

Maʼlum qilinishicha, qonun loyihasida chorva hayvonlarini identifikatsiya qilish boʻyicha yagona davlat siyosatini yuritish, hayvonlarda yuqumli kasalliklarning oldi olish hamda mamlakatda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini taʼminlash masalalari nazarda tutilmoqda.

Foto: Qonunchilik palatasi axborot xizmati

Shuningdek, hayvonlar hisobini yuritish, hayvonlarning nasli bilan bogʻliq va ularning sogʻligi toʻgʻrisidagi yagona elektron tizim yaratilishi belgilanmoqda. Hayvonlarni identifikatsiya qiluvchi, roʻyxatga oluvchi va kuzatuvchi mutaxassislarining, identifikatsiya raqamini saqlovchi atribut ishlab chiqaruvchi va hayvon egalarining huquq va majburiyatlari belgilab berilyapti.

Qonun tashabbuskorlariga koʻra, hayvonlarni identifikatsiya qilish tizimining eng asosiy afzallik tomonlaridan biri, bu tizim orqali oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanadi. Shu sababdan isteʼmol uchun ishlatiladigan goʻsht va boshqa mahsulotlar olinadigan qoramol, qoʻy va echki, choʻchqa, ot, eshak, tuya kabi hayvon turlari hamda ular uchun kasallik xavfini tugʻdirishi mumkin boʻlgan hamda kasallik kirib kelishining oldini olish, epizotik osoyishtalikni taʼminlash maqsadida, it, mushuklar identifikatsiya qilinishi taklif etilmoqda.

Foto: Qonunchilik palatasi axborot xizmati

Qoʻshimcha qilinishicha, qonunni qabul qilish orqali respublikada mavjud chorva mol bosh sonlari toʻgʻrisida yagona elektron maʼlumotlar bazasi yaratiladi. Qolaversa, chorva hayvonlarini oʻta xavfli yuqumli kasalliklarga davlat tomonidan bepul toʻliq profilaktik emlashga erishiladi. Shu hisobdan hayvonlar turli yuqumli kasalliklardan nobud boʻlishining oldi olinadi.

Bundan tashqari, identifikatsiya qilingan hayvonlardan olinadigan mahsulotlar sifati va xavfsizligi taʼminlanib, ichki va tashqi bozorlarda sotish kafolatlanadi. Shuningdek, kasalliklar va turli sabablarga koʻra nobud boʻlgan, harom oʻlgan chorva hayvonlarining goʻshtini xufiyona sotish qonun bilan taqiqlanadi va isteʼmolga yaroqsiz chorvachilik mahsulotlari savdosiga chek qoʻyiladi.

Bahromjon Norqobilovga koʻra, bir martalik identifikatsiya ishlari toʻliq bepul qilib beriladi. Kelgusi yillarda tugʻilgan hayvonlarni identifikatsiya qilish ularning egalari hisobidan amalga oshiriladi. Bunda identifikatsiya qilish narxi oʻrtacha bir bosh qoramolga 15 ming soʻm, mayda shoxli mollarga esa 7,5 ming soʻm boʻlishi kutilmoqda.