Fransiyada talabalar arxeologik qazish ishlari davomida 200-yillik maktubni topdi
Depp shahri yaqinida olib borilgan qazishma ishlari davomida sopol idish topilgan, uning ichida esa shishachaga solingan 200-yillik maktub boʻlgan.
Fransiya shimolidagi Depp shahri yaqinida talabalar tomonidan olib borilgan qazishma ishlari davomida ichiga maktub berkitilgan sopol idish topildi, deb xabar beradi Bild.
Qazish ishlariga rahbarlik qilgan Giyom Blondelning maʼlum qilishicha, sopol idishdan topilgan shisha ichidan 200-yil oldin yozilgan arxeologik maktub chiqqan.
Yaxshi holatda saqlangan qogʻozga “P.J. Fere, Depp fuqarosi va turli ilmiy jamiyatlar aʼzosi, 1825-yilda bu yerda qazishma ishlarini olib borgan. U Cité de Limes nomi bilan tanilgan hududda oʻz tadqiqotlarini davom ettirmoqda”, deb yozilgan.
Arxeolog oʻz maktubiga Depp yaqinidagi qoyatoshda qazish ishlarini boshlaganini yozgan. Blondel P.J. Fere ismli shaxs yashab oʻtganidan xabardor. “Bu haqiqatda sehrli onlar edi. Oldinlari ham qazish ishlari olib borilganidan boxabar edik, ammo 200-yil oldin bitilgan maktubga duch kelish — mutlaqo kutilmagan holat boʻldi”, — deydi u.
Depp shahar arxivi 200-yil oldin rostdan bu yerlarda ilk qazishma ishlari olib borilganini tasdiqlagan.
Blondelning aytishicha, arxeologlar bunday turdagi maktublarni kamdan kam hollarda qoldiradi: “Baʼzida shu kabi vaqt kapsulalari uchrab turadi. Biroq arxeologiyada bu juda kamyob. Arxeologlarning aksariyati oʻzlaridan keyin bu yerga hech kim kelmaydi deb hisoblaydi”, — deya tushuntiradi Blondel.
Depp yaqinidagi qazish ishlari qoya yemirilishidan keyin qayta boshlangan. Blondel hamda uning jamoasi gallar qishlogʻidagi koʻplab artefaktlarni saqlab qolishga erishgan — ular orasida 2 ming yillik keramika ham bor.