РУ
O’Z
UZS
/
/
Futbol: Oʻzbekiston mehmonda Qirgʻizistonni minimal hisobda magʻlub etdi
10.09.2024

Futbol: Oʻzbekiston mehmonda Qirgʻizistonni minimal hisobda magʻlub etdi

Futbol: Oʻzbekiston mehmonda Qirgʻizistonni minimal hisobda magʻlub etdi

Futbol boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi JCH-2026 saralashi ikkinchi oʻyinida Qirgʻiziston mehmoni boʻldi. Ogʻir kechgan oʻyinda oʻzbekistonliklar ikki bor kambek amalga oshirdi va irodali gʻalabaga erishdi — 2:3.

Futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi 2026-yilgi jahon chempionatiga saralashning 3-bosqichi ikkichi oʻyinida mehmonda Qirgʻizistonni magʻlub etdi. 10-sentyabr kuni Bishkekdagi “Dolen Omurzakov” stadionida boʻlib oʻtgan oʻyin 2:3 hisobida yakunlandi.

Qirgʻiziston terma jamoasi oʻyinning 15-daqiqasida birinchi boʻlib hisobni ochdi. Asli ganalik 26 yoshli hujumchi Joel Kojo (klub miqyosida Samarqandning “Dinamo”sida oʻynaydi) Oʻzbekiston jarima maydonchasida deyarli yolgʻiz qoldi va chap burchakka aniq zarba berdi.

Oʻzbekiston darhol javob qaytardi. 17-daqiqada hujumchi Eldor Shomurodov raqib jarima maydonchasiga yugurib kirdi va toʻpni darvozabonning oyoqlari orasidan darvozaga yoʻlladi.

35-daqiqada Qirgʻiziston standartdan soʻng yana oldinga chiqib oldi. Oʻzbekiston himoyasida sarosima yuzaga keldi, yolgʻiz qolgan yarimhimoyachi Odiljon Abdurahmonov gol urdi.

Birinchi boʻlim oxirida Oʻzbekiston tenglikni tikladi. 45+1-daqiqada Husniddin Aliqulov jarima maydonchasiga oshirib berilgan toʻpdan soʻng ikkinchi qavatda ustunlikni qoʻlga kiritdi va toʻpni darvozaga yoʻlladi.

Ikkinchi boʻlimda Oston Oʻrunovning 72-daqiqada kiritgan goli evaziga terma jamoamiz gʻalabani ilib ketdi. Hujumchi jarima maydonchasi ichida himoyachilar orasida ajoyib muomala qildi va darvozabon yuqorisiga zarba berdi.