Google Chrome uchun yangi SI funksiyalarini joriy etdi
Google oʻzining Chrome brauzeri uchun katta yangilanishni eʼlon qildi. Ilovaning yangi versiyasining asosiy xususiyatlaridan biri bu Gemini sunʼiy intellektini qidiruv tizimi va Google Lens funksiyasiga integratsiyalashgani, deyiladi kompaniya blogida.
Chrome brauzeri foydalanuvchilari oldingi qidiruvlarni boshqarishning yanada qulay va intuitiv usulini taʼminlovchi yangi qidiruv tarixi interfeysidan foydalanishlari mumkin. Google vakilining taʼkidlashicha, sunʼiy intellekt Chromeʼni vazifalarni bajarish va maʼlumot topish uchun yanada foydaliroq vositaga aylantiradi.
Bundan tashqari, Google Lensʼning Chromeʼga integratsiyalashuvi tasvirni aniqlashning yangi imkoniyatlarini ochadi. Foydalanuvchilar sichqonchaning oʻng tugmachasini bosish yoki matn qismini tanlash orqali tasvir mazmuni haqida maʼlumot olishlari mumkin boʻladi. Google Lens funksiyasiga manzillar paneli yoki yuqori oʻng burchakdagi menyu orqali kirish mumkin.
Google shuningdek, xarid qilish jarayonida foydalanuvchilarga yordam beradigan Tab solishtirish funksiyasini ham taqdim etdi. Uning yordami bilan siz bir nechta yorliqlarni ochib, bir sahifada neyron tarmoq tomonidan yaratilgan mahsulot sharhini koʻrishingiz mumkin. Google ushbu xususiyatni xarid qilishdan oldin bir nechta mahsulotlarning sharhlari, narxlari va boshqa parametrlarini solishtirish uchun foydali ekanligini taʼkidlaydi.