Hafta insoni: Mashhur tadbirkor Xurshid Turayev
TXT Group kompaniyasi asoschisi va rahbari Xurshid Turayev “Hafta insoni” sahifasining bu galgi mehmoni hisoblanadi. Biz tadbirkor bilan biznesdagi faoliyati, quruvchilik kasbining past-balandliklari va hayotiy prinsiplari haqida suhbatlashdik.
Qayerlarda va kimlardan tahsil olgansiz?
Samarqand viloyati Urgut tumanidagi 54-maktabni tugatganman. Undan keyin Samarqand shahridagi turizm kollejida tahsil olganman. Undan keyin tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanib, oliy taʼlim olishga vaqt boʻlmagan.
Hozirda Samarqanddagi oliygohda qurilish muhandisligi mutaxassisligi boʻyicha tahsil olyapman. Darslarga muntazam ravishda qatnayman, 90 daqiqa davomida oʻqituvchilarni tinglayman. Kursdoshlarim juda yosh, ularni koʻrib, zavq olaman.
Biznesni nimadan boshlagansiz, bunga kim sababchi boʻlgan?
Samarqand shahrida oʻqib yurgan paytlarimda MTC kompaniyasiga sim-karta olish uchun borganman. Shu yerda chiroyli raqamlarni arzonroq narxga sotib olish imkoniyatini topganman.
Keyin har kun oʻqishdan chiqib, kompaniya eshigi tagiga borib turardim. Bu yerga keluvchilar endi raqam tanlayotganda, chetroqqa tortib, agar ustiga biroz pul qoʻshsangiz, juda chiroyli nomer olib beraman derdim.
Shu kunlarda juda katta pul ishlaganman, oʻrtacha oylikni bir kunda topgan vaqtlarim ham boʻlgan. Undan keyin telefon sotishni boshlaganman. Soʻngra shaxsiy mashinamda viloyatlararo taksi xizmati bilan shugʻullana boshladim.
Undan tushgan pullarni yigʻib, bitta mikroavtobus sotib olganman. Avtovokzalga ertalab kelib, avtobusga odamlarni toʻldirib, Toshkentga joʻnatardim. Keyin oʻzim ham Nexiaʼga odamlarni olib poytaxtga yoʻlga chiqardim. Shu-shu tadbirkorlik foaliyatim boshlanib ketgan.
Qaysi sohalarni kelajak kasblari deb bilasiz?
Albatta, IT yoʻnalishi kelajakning asosiy kasblaridan biri boʻladi. Axborot texnologiyalari mutaxassislari nafaqat mahalliy, balki jahon brendlari bilan ham ishlashi kerak boʻladi.
Ancha vaqtdan beri toʻlov tizimlari ustida ham ishlab kelyapmiz. Bu borada mukammal ekotizimni yaratish boʻyicha ishlarni amalga oshiryapmiz. Nasib etsa, tez orada uning katta taqdimotini oʻtkazamiz.
Shu sababli ulgʻayib kelayotgan yoshlarga zamonaviy kasblarni puxta egallashni va chet tillarini mukammal oʻrganishni maslahat beraman. Kirishimli, chaqqon va uddaburon inson hech qachon ishsiz qolib ketmaydi.
Sizga qanday mutaxassislar kerak?
Biz yaqin kelajakda Oʻzbekiston tajribasida boʻlmagan bir nechta loyihalarni amalga oshirmoqchimiz. Jumladan, hududlarda 40-50 qavatli turar-joy majmualari barpo etish va botqoqlikda ham komplekslar qurishni rejalashtirganmiz.
Shu sababdan oʻz sohasining mukammal mutaxassislari bizga har doim kerak. Hozirda koʻplab yangiliklarni amalga oshiryapmiz. Qurilish sohasidagi professional bizga qanchalik kerak boʻlsa, axborot texnologiyalari boʻyicha mutaxassislar ham bizga shunchalik kerak.
Samarqand City loyihasi haqida maʼlumot bera olasizmi?
Loyiha 17 gektar maydonni egallaydi. U 2024-yil yakuniga qadar toʻliq foydalanishga topshiriladi. Hududda turar-joy majmualari bilan bir qatorda savdo markazlari, ofis maydonlari va koʻngilochar bogʻlar mavjud.
Mening uyim aynan shu kompleks qad rostlayotgan joyda joylashgan. Har tongda oynadan qaraganimda shuncha katta yer boʻsh yotganini koʻrardim. Keyin soʻrab-surishtirib, maydonni sotib olganmiz. Oʻzim loyihani chizib chiqqanman.
Aslida, men qilganman deyish xato boʻladi. Dastlabki gʻoya meniki boʻladi, qolganini pishitib, yakuniy natijaga keltirish bu katta jamoaviy ish hisoblanadi. Koʻz tegmasin, biz bu ishlarni uzoq yillardan beri sifatli tarzda amalga oshirib kelyapmiz. Hademay, bunga oʻzingiz ham guvoh boʻlasiz.
Qurilish sohasida biznes boshlamoqchi boʻlganlarga qanday maslahat berasiz?
Qurilish — jamoaviy ish, uni bir kishi hech qachon eplay olmaydi. Qurilishda ham katta mablagʻ kerak, ham kuchli mutaxassislar kerak. Dastlab, barcha ishlarni oʻz mablagʻingizdan amalga oshirasiz, faqatgina yillar oʻtib, odamlar orasida ishonch qozonilgach, kattaroq foyda olish mumkin.
Hozirda bozor toʻliq shakllanmagani uchun yangi kompaniya ochish uchun mumkin. Ammo bu tendensiya uzoq davom etmasa kerak. Xorij tajribasida boʻlgani kabi yillar oʻtib, katta-katta developerlar shakllanib, qolgan kichik kompaniyalarni oʻyindan siqarib chiqarsa kerak, deb oʻylayman.
Agar kimdadir imkoniyat va xohish boʻlsa, qurilish boshlashi mumkin. Oʻzi bu soha juda qiziqarli va barakali hisoblanadi. Chunki siz qurgan uylarda baxtli oilalar yashaydi, yaqinlar yanada yaqinroq boʻladi. Ammo buning oʻziga xos masʼuliyati va javobgarligi ham bor. Maslahatim, sohani chuqur oʻrganib, keyin ish boshlash kerak.