РУ
O’Z
UZS
/
/
Har bir ota-ona o‘qishi kerak bo‘lgan bolalarni tarbiyalash haqidagi kitoblar
16.07.2024

Har bir ota-ona o‘qishi kerak bo‘lgan bolalarni tarbiyalash haqidagi kitoblar

Har bir ota-ona o‘qishi kerak bo‘lgan bolalarni tarbiyalash haqidagi kitoblar

Baxtli bola – baxtli ota-onalar. Bu holatga erishishga yordam beradigan barcha narsalar,bolalarni tarbiyalash bo‘yicha eng yaxshi kitoblar to‘plamida jamlangan. Ularning aksariyati allaqachon bestsellerlar ro‘yxatiga kiritilgan! 

Bola tarbiyasi – ota-onalarning eng muhim va mas‘uliyatli, bir vaqtning o‘zida, baxtli vazifalaridan biridir. Ha, bola injiq, quloqsiz va hatto, boshqarib bo‘lmaydigan bo‘lishi mumkin, siz esa bundan xafa boʻlishingiz va o‘zingizni yomon his qilishingiz mumkin. 

Lekin buning yo‘li bor: stressli vaziyatda qanday harakat qilish kerakligini aniq tushunish kifoya, shunda, uni yengish ancha oson bo‘ladi. Bunga ota-onaning “amaliy darsliklari” yoki mashhur psixologlarning bola tarbiyasi haqidagi kitoblari yordam berishi mumkin. 

“Yashirin qo‘llab-quvvatlash” – Lyudmila Petranovskaya

Nima uchun o‘qish tavsiya qilinadi: qanday qilib bolani tug‘ilganidanoq va bolalik jarohatlarsiz tarbiyalash kerakligini tushunish uchun  

Bolani hayotidagi birinchi yillariga bag‘ishlangan, ota-onalar uchun asosiy kitoblardan biri bo‘lib, unda psixolog oddiy va tushunarli tarzda nima uchun bolaga yaqin atrofida kattalar borligini his qilish juda muhim, erta bolalik davrida paydo bo‘ladigan va insonning xarakterini shakllantiradigan ishonch va xavfsizlik hissi haqida gapiradi. 

“Aql bilan tarbiyalash” – Daniel J.Sigel va Tina Pey Brayson

Nima uchun o‘qish tavsiya qilinadi: bolaning miyasini rivojlantirish va uning boshida sodir bo‘layotgan jarayonlarni tushunish uchun.

To‘plam ko‘rinishidagi 12 ta essedan iborat “ota-onalar” bestselleri bola tarbiyasini fan nuqtai nazaridan ko‘rib chiqadi. Mualliflar o‘sishning turli bosqichlarida bola miyasining rivojlanishiga alohida e’tibor berishadi. Bu juda muhim ma’lumot!

“Farzandingizning miyasini to‘g‘ri rivojlantirish qoidalari” – Jon Medina

Nima uchun o‘qish tavsiya qilinadi: neyropsixologiyaning so‘nggi yutuqlaridan xabardor bo‘lish va baxtli shaxsni tarbiyalash uchun. 

Neyropsixologiyaning so‘nggi yutuqlariga asoslangan yana bir nashr, shuningdek, har bir ota-onaning “qo‘llanmasi”ga aylangan asar. Unda maqsadli, eng muhimi, baxtli odamni tarbiyalash sirlari va hayotiy tavsiyalar mavjud. 

“Bolalar tinglashi uchun qanday gapirish kerak va bolalar gaplashishi uchun qanday tinglash kerak” – Adel Faber, Eleyn Mazlish

Nima uchun o‘qish tavsiya qilinadi: bola bilan tez va og‘riqsiz murosaga kelish va o‘zaro aloqa o‘rnatish uchun. 

“Otalar va bolalar” o‘rtasidagi o‘zaro tushunish, oiladagi uyg‘unlikning asosiy kalitidir. Bunga erishish juda qiyin, ammo iloji bor. Bu yerda mualliflar tomonidan amalda tasdiqlangan samarali maslahatlar mavjud. 

“Oldini olish oson bo‘lgan tarbiya qilishda 100 ta xatoliklar” – Olga Maxovskaya

Nima uchun o‘qish tavsiya qilinadi: bola bilan nizolar xavfini kamaytirish va ularni oldindan his qilishni o‘rganish uchun.  

Xato qilish yoqimsiz holat, ayniqsa, bolani tarbiyasi haqida gap ketganda. Ammo ko‘plab kelishmovchiliklarni oldindan his qila bilish va oldini olish mumkin – asosiysi buni qanday amalga oshirishni bilishdir. Injiqlik va asabiylikka qanday munosabatda bo‘lish kerak? O‘z harakatlariga javobgarlikni qanday shakllantirish kerak? Shu va shu kabilar haqida ushbu kitobdan o‘qib, bilib olishingiz mumkin. 

“Bolalar – boshqacha. Erta rivojlanishning noyob usuli” – Mariya Montessori

Nima uchun o‘qish tavsiya qilinadi: bolaga mustaqillikni o‘rgatish va unda iste’dodni kashf etish uchun. 

Italiyalik psixologning texnikasi vaqt sinovidan o‘tgan (taxminan 100 yil) va bolalarni rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab dasturlarning asosiga aylandi. Ushbu kitobda Montessori ota-onalarga farzandiga tanlov va erkinlik berishni: masalan, o‘yinni mustaqil ravishda tanlashga ruxsat berish yoki onasi emas, balki javondan o‘zi xohlagan narsani olishni taklif qiladi.

“Bolaning sog‘lig‘i va qarindoshlarining sog‘lom fikri” – Yevgeniy Komarovskiy

Nima uchun o‘qish tavsiya qilinadi: yelvizakda o‘tirish va kiyilmagan bosh kiyimlar haqida tashvishlanishni bas qilish uchun. 

Ushbu kinoyali kitobda mashhur pediatr Komarovskiy yosh onalarga quyidagicha: chaqaloq xonasida qanday harorat bo‘lishi kerak, nega bolani ovqatlanishga majburlamaslik kerak, nega burun oqishidan qo‘rqmaslik borasida maslahatlar beradi. Sun’iy “davolash” yo‘q, hamma narsa tabiiy ravishda sodir bo‘lishi kerak. 

“Portlovchi bola” – Ross V. Grin

Nima uchun o‘qish tavsiya qilinadi: eng “qiyin” bolaga yo‘l topish va uning harakatlari sabablarini tushunish uchun. 

Farzandingiz doimo janjallashib, tortishib, xonani tozalash va idishlarni yuvishdan bosh tortadimi? Unda bu kitob aynan siz uchun. Grin atrofdagi to‘g‘ri, ziddiyatsiz sharoitlarni yaratish orqali, hatto eng tartibsiz bolani qanday qilib tinchlantirish haqida gapiradi. Qo‘shimcha qilib shunday deydi: tunnel oxirida har doim yorug‘lik bor, faqat to‘g‘ri yondashuvni topish va bolaga moslashuvchanlikni rivojlantirish uchun vaqt berish kifoya. 

“Siz va farzandingiz haqida katta kitob” – Lyudmila Petranovskaya

Nima uchun o‘qish tavsiya qilinadi: bola bilan aloqa o‘rnatish va uni hurmat qilishni o‘rganish uchun.

Tarbiyaning oltin qoidasi – aloqani topish. Shunda ko‘plab savol va qiyinchiliklar o‘z-o‘zidan yo‘qoladi. Buni xavfsiz bajarish va bolaning ruhiyatiga zarar bermaslik maqsadida uning atrofdagi narsalarga munosabatini tushunishingiz va qabul qilishingiz kerak. Buni Lyudmila Petranovskayaning yana bir kitobi o‘rgatadi.