Havo keskin soviydi: Oktyabr oyi uchun ob-havo prognozi
Iqlimiy xususiyatlarga koʻra, oktabr oyida oʻrtacha oylik havo harorati sentyabr oyiga nisbatan 6-7 darajaga, respublika shimolida 8-9 darajaga past boʻladi.
Hududning katta qismida oyning birinchi yarmida harorat kechalari 8-11 daraja iliqni, ikkinchi yarmidaeyesa 2-7 daraja iliqni tashkil etadi.
Kunduzgi harorat odatda 23-28 daraja iliqdan (eng iliq davrlarda 33-35 daraja qiymatlariga yetadi) 10-15o daraja iliqqacha oʻzgarib turadi.
Albatta, har yili tabiat ob-havo sharoitlariga oʻz tuzatishlarini kiritadi va baʼzida haqiqiy harorat oʻrtacha koʻp yillik qiymatlardan (iqlim meʼyori) sezilarli darajada farq qiladi.
Shunday qilib, oktyabr oyida, ayniqsa oyning ikkinchi yarmida, baʼzida birinchi kuzgi sovuqlar kuzatiladi.
Respublika boʻyicha 5-oktyabrdan 10-oktyabrgacha harorat foni pasayadi. Ushbu davrda havo harorati asosan kechalari 8-13 daraja iliq, kunduz kunlari 21-26 daraja iliq boʻladi.
Oʻzbekistonning markaziy va sharqiy hududlarida 5-6-oktyabr kunlari baʼzi joylarda yomgʻir yogʻadi. 7-10-oktyabrda asosan yogʻingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi.
Oyning ikkinchi va uchinchi oʻn kunliklarida harorat kechalari 10-15 daraja iliqdan 0-5 daraja iliqqacha, kunduz kunlari 23-28 daraja iliqdan 15-20 daraja iliqqacha oʻzgarib turishi kutilmoqda.
Oktabr oyining uchinchi oʻn kunligida ayrim hududlarda tuproqda va havoda sovuqlar kuzatilishi mumkin. Oktyabr oyi ikkinchi va uchinchi oʻn kunliklarining ayrim kunlarida (oʻn kunlikda 1-3 kundan) baʼzi joylarda yomgʻir yogʻadi, togʻlarda qorga aylanadi.
Oylik yogʻingarchilik miqdori meʼyordan kam, respublika shimolida, janubida va choʻl hududlarida baʼzi joylarda meʼyor atrofida boʻlishi kutilmoqda.