Hissiy ortiqcha ovqatlanishni qanday aniqlash va bartaraf etish kerak?
Yengish qiyin bo‘lgan har qanday stress yoki boshqa kuchli his-tuyg‘ular (hatto eng quvonchlisi ham) sovutgich yoniga va shokoladli tort yoki ulkan pachka chipslar vaziyatni yengillashtirishi yoki hayotimizni hech bo‘lmaganda biroz yaxshilashi mumkin, degan fikrlarga olib keladi. Keyin esa oshxonada ko‘zga tushgan narsani o‘ylamay yeyotgan bo‘lasiz. Ammo tashvish va salbiy hissiyotlar o‘tib ketmaydi va bu qilayotgan mantiqsiz va befoyda ortiqcha yeyishlarimiz nafaqat hissiy, balki jismoniy salomatligimizni ham xavf ostiga qo‘yadi.
Hissiy ortiqcha ovqatlanish qanday ko‘rinishga ega?
- Siz kuchli va “chidab bo‘lmas” tuyg‘uni his qilasiz
- O‘zingizda yoqimsiz hissiyotlar, bezovtalik va ichki tanglikni sezasiz
- O‘zingizni ichki iztirobdan xalos etish uchun ovqat yeyishni boshlaysiz. Ammo organizmingiz ovqatlanishni so‘ramadi va bu ochlik fiziologik emas, balki sun’iy tarzda amalga oshiriladi
Vaziyat qayta-qayta takrorlanadi. Siz bunday yechimga “qutqarish balloni” kabi ishonib, takror bajaraverasiz. Oradan yillar yoki oylar o‘tib, semizlik, qandli diabet, oshqozon-ichak kasalliklari va gormonal buzilishlar kabi kasalliklarga olib kelishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda: agar ochlikni his qilmay turib shokolad bo‘lakchasi yoki buterbrod (ortiqcha ovqatlanish faqat shirinlikka tortmaydi) yemoqchi bo‘lsangiz, avval o‘zingizga savol bering: “Shuni yesam o‘zimni yaxshiroq his qilamanmi?” Agar javob “ha” bo‘lsa, demak, ochsiz va iloji boricha tezroq ovqat pishirishingiz kerak. Lekin shunchaki nima bo‘lsa ham yeb olishni istayotgan bo‘lsangiz, unda siz (ehtimol) stressli holatingizda iste’mol qilayotgan bo‘lasiz. Aynan shu holat – hissiy ortiqcha ovqatlanish deyiladi.
Hissiy ortiqcha ovqatlanishga qarshi qanday kurashish kerak?
- Vaziyatni anglash. Avvalo, emotsional ortiqcha yeyish muammosi faqat hissiyotlar orqali hal etilishi kerakligini tushuning. Bunda “o‘ziga yordam berish” usuli qo‘l keladi. Buning uchun o‘zingizga quyidagi savollarni bering:
“Och bo‘lmasam ham nimadir yeyishni istaganimda o‘zimni qanday his qilaman?”; “Bunday istakka meni qanday fikrlar va holat undadi?”; “O‘zimni tutolmay shuni yeb qo‘ysam nima bo‘ladi?”.
- Yana bir yaxshi usul – o‘z-o‘zini tashxislash. Och bo‘lmagan paytingizda qanday taomlar iste’mol qilishingiz va ular qanday his-tuyg‘ular bilan bog‘liqligi haqida o‘ylab ko‘ring. Endi xuddi shunday tuyg‘ularni yana qayerdan olishingiz mumkinligi haqida o‘zingizdan so‘rab ko‘ring. Balki sport mashgʻulotlari, piyoda yurish yoki sizga yaqin odam bilan suhbat qurgandami?
- Barcha kerakli moddalarni olish uchun yaxshi va muntazam ovqatlaning. Shuni unutmangki, har qanday inson o‘zini nazorat qilolmay qolishga moyil bo‘ladi, ayniqsa bir necha kun ochlik yoki qattiq dietada bo‘lsa yoki bir qancha ishlar va muddatlar tufayli ovqatlanishga ulgurmay qolsa.
- Yetarlicha uxlang. To‘yib uxlamaslik va aksincha ko‘p uxlash ham ortiqcha ovqatlanishga olib keladi. Shuning uchun uyqu tartibingiz buzilmasligiga e’tibor qarating. Ko‘pchilik uchun shifokorlar tavsiya etganiday kamida 7-8 soat uxlashga harakat qiling.
- Agar muammo jiddiylashib ketganini his qilsangiz, psixolog ko‘rigiga yozdirilganingiz ma’qul. Terapevtlar bunday hissiyotni to‘g‘ri qabul qilib, u bilan organizm va tanaga zarar yetkazmasdan yashashni o‘rganishga, stress, qo‘rquv va har qanday qiyin vaziyatlarni “yemasdan” maqsadlaringizga erishishga yordam beradi.